Ertakdagi bir choʻpon zerikkanidan olomonni: “Qoʻyimga boʻri tegdi, shoʻrim quridi”, deya yolgʻondan aldagan ekan. Unga ishongan olomon nafratlanib, qargʻab ketgan ekan. Biroq bir kuni... Choʻponning shoʻri haqiqatan quridi. Uning qoʻylarini boʻrilar talab ketdi. Unga hech kim yordam qoʻlini choʻzmadi. 

Abdusalom ham ana shu yoʻlni tanladi. U yolgʻon gapirib, undan-bundan qarz olardi. Qarzni toʻlashni esa... xayoliga keltirmasdi. Qarz berganlar qoʻli bilan berib, oyogʻi bilan yugurib zoʻrgʻa olardi. Oʻshanda ham hammasini emas, qisman unga xayr-xudoyi qilishardi...

– Joʻra, yaxshimisan, – deya bir kuni Qobilnikiga keldi. – Bilasanmi, sening oldingda qarzdorman. Biroq qoʻlim kaltalik qilyapti. Yana bir yordam qil. Onam toʻsatdan kasal boʻlib qoldilar. Joʻrajon, ozroq qarz berib tursang.

Qobilning jahli chiqdi:

– Oʻzim ham bir tiyinga zor boʻlib turibman. Yaxshisi, oldingi qarzingni qaytar.

– Beraman. Onam kasal boʻlib qoldi. Shunga yordam qoʻlini choʻz. Doʻxtir “dorini tez topib kelmasangiz boʻlmaydi”, dedi.

– Ilojim yoʻq, Abdusalom. Boʻlsa, jonim bilan. 

Abdusalom u doʻstining oldiga rangini sariq qilib bordi. Bu doʻstining eshigini qoqdi. Hech kim unga qarz bermadi. Shunday qilib, u kunni tun qildi. Ertasiga esa...

Ertasiga uning uyidan yigʻi tovushi keldi. U onasidan ayrilib qoldi. Yolgʻonning bahosi qimmatga tushdi...

Qissadan hissa shuki, bir-birimizni hech qachon aldamaylik. Yolgʻon gapirib, dilimizni ogʻritmaylik. Qarzlarimizni oʻz vaqtida qaytaraylik. Aks holda...                         

Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.