Buxoro davlat universitetini tuga­tib, shahardagi 8-sonli umumtaʼlim maktabida psixolog lavozimi­da ishladim. Biroq yoshlikdagi orzuim meni tinch qoʻymasdi. Yaxshi niyatlar bilan 2021-yilda xizmatni dastlab voyaga yetmaganlar ma­salalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimida boshlagan boʻlsam, hozir Buxoro shahar IIOFMB 1-sonli IIBda profilaktika inspektori lavozimida ishlab kelyapman. Buxoro davlat universiteti talabalari oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirib, barcha sohaviy xiz­matlar, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasalar, tuman va viloyat hokimliklari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining barcha institutlari bilan hamkorlikda profilaktik ishlarni olib bormoqdamiz. Yoshlarning yashash joylari oʻrganilib, mavjud muammolar mahalla yettiligi bilan hal qilinmoqda. 

Bugun el-yurt tinchligi yoʻlida xizmat qilish barobarida, shirin bir oilaning bekasiman. Turmush oʻrtogʻim Mirshod Sanoyev iqtisodiyot sohasida ishlaydilar. Uch nafar farzandimizni imkon qadar vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga harakat qilmoqdamiz. Toʻngʻich farzandim Mirzohid Jalolov bobosi va menga havas qilib, IIV Buxoro akademik litseyi­ga oʻqishga kirdi. Qizlarimning biri maktab oʻquvchisi, ikkinchisi maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi. Har bir oilada farzand tarbiyasi, asosan ayolning zimmasida boʻlganidek, men ham farzandlarimning tar­biyasi, tartib-intizomi bilan shugʻullanaman. Eng katta sarmoyani farzandlari­mizning bilim olishiga ajratganmiz. Ular muntazam ravishda darsdan soʻng qoʻshimcha mashgʻulotlarga qatnaydilar. Oʻgʻlim Mirzohid va qizim Sevara ingliz tilidan chet tilini bilish darajasi boʻyicha milliy sertifikatni qoʻlga kiritgan. Bundan tashqari, tarix, huquq, ona tili va adabiyot fanlaridan turli xil tanlov, olimpiadalarda ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelmoqda. 

Ular bilan dasturxon boshida oʻtirar ekanmiz, dildan suhbatlashaman: kunlik amalga oshirgan ishlarini soʻrayman, yutuqlaridan quvonaman, shuningdek, yoʻl qoʻygan kamchiliklarini tushuntirib, toʻgʻri yoʻl koʻrsataman.

Vatanga manfaat keltiradigan soha vakili ekanligimdan, farzandim ham shu yoʻlda davomchi boʻlayotganidan, meni qoʻllab-quvvatlab duo qilib turadigan ota-onam va oilam borligidan faxrlanaman. Oʻgʻlimga doim ilm olishdan toʻxtamasligini, halol va vijdonan ish koʻrishi lozimli­gini uqtirib kelmoqdaman. U oilamizda ichki ishlar organlari sohasida uchinchi avlod sanaladi. Shunday ekan, biz ona Vatanimiz – Oʻzbekistonga oilamiz bilan birga xizmat qilamiz.

Shahlo RAHMATOVA,

katta leytenant.  

Buxoro viloyati.