Shuning uchun keyingi yillarda mamlakatimizda yoʻllar sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 30 ming kilometrdan ortiq ichki yoʻllar tuproqli. Ilgari barpo etilgan koʻchalarning ham koʻpi oʻydim-chuqur boʻlib, yaroqsiz holga kelgan. Ushbu yoʻllarga asfalt yotqizish esa juda qimmatga tushadi. Shu bois Oʻzbekiston sharoitiga moslanib, qum-shagʻal, ohak tosh, chaqir tosh, sement kabi mahalliy materiallar aralashmasidan 5 xil qoplama variant tayyorlangan.
Xoʻsh, hozirda biz davlatimiz yoʻllarida oʻzimizni qay darajada xavfsiz his qilmoqdamiz? Yaqinda «Tashabbusli budjet» portali orqali aholidan tushgan jami murojaatlarning katta qismi yaroqsiz yoʻllar bilan bogʻliq boʻlib chiqdi. Bu yoʻllarimizning ayni paytdagi ahvolida oʻzimizni xavfsiz his qila olmasligimizdan darak bermoqda.
Yangi yoʻl foydalanishga topshirilgach, hali oradan bir yil oʻtmasdan, kovlanib, suv, kanalizatsiya quvurlari, boshqa tarmoqlar tortilyapti. Bundan tashqari, yangi yoʻllar ogʻir yuk mashinalari qatnovini koʻtarolmayapti. Masalan, birgina Toshkent shahriga kuniga 130 ming tonnadan ortiq yuk katta hajmli mashinalarda olib kiriladi. Barcha viloyatlardagi statistika umumlashtirilsa, bundan ham tashvishli raqamlar yuzaga keladi. Xulosa shuki, yoʻllarda oʻzimizni xavfsiz his qilishimiz uchun zudlik bilan zarur choralar koʻrish zamon talabiga aylanib ulgurdi.
Nega yoʻllarimiz taʼmirdan tez chiqadiyu, sifat jihatdan uzoqqa bormaydi?! Axir, bitta yoʻlni qurib bitkazish uchun ozmuncha xarajat ketadimi?! Mutaxassislarning maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda yurtimizda yuzdan ortiq asfalt-beton mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. Ushbu korxonalarga asfalt ishlab chiqarish boʻyicha standart organlaridan sertifikat olinadi.
Standart organlari har yili ularning faoliyatini tekshirishi kerak. Bundan tashqari, pudratchining zavodida mahsulot sifatini aniqlaydigan laboratoriya boʻlishi shart. Sotilgan mahsulot obyektga olib borilgandan keyin ham laboratoriyada nazorat olib borilishi kerak. Agar mahsulot sifatsiz chiqsa, pudratchi qabul qilmasligi lozim. Hozir mahsulotlar faqat pudratchining laboratoriyalarida tekshiruvdan oʻtkazilyapti. Buyurtmachining esa laboratoriyasi yoʻq. Shu sababli sifatsiz asfalt ishlatilib kelinadi.
Muammoning sababi faqat bu emas. Mutaxassislarning tekshiruvi natijasiga koʻra, Oʻzbekistonda yoʻl qurilishida ishlatilayotgan asfaltlar mutlaqo talabga javob bermasligi maʼlum boʻlgan. Iqlim oʻzgaryapti, avtomobillarning soni ortib boryapti. Hamon eski qolipda ishlayapmiz. Demoqchimizki, bizda qoʻllanayotgan asfalt-beton mahsulotlari hozirgi sharoitimizga mutlaqo mos kelmaydi. Mamlakatimizda foydalanib kelinayotgan asfalt uchun kerakli mahsulotlardan Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasi 2023-yilning 1-iyunidan foydalanishni bekor qildi.
Bu esa Amerika va Yevropa mamlakatlari standartlariga tezroq oʻtish zarurligini koʻrsatadi. Misol uchun, Germaniyada, asfalt-beton qoplamasiga eng kamida 15—16 yil kafolat bor.
Sifatsiz yoʻllar nimasi bilan xavfli? Mazkur savolga kichik, ammo muhim bir asosni keltirib oʻtamiz. Dunyodagi yoʻl-transport hodisalarilarning 13—15 foizi aynan sifatsiz yoʻllar sababli yuzaga kelishi isbotlangan. Ayniqsa, qish faslidagi noqulay ob-havo, yaxmalaklar sifatsiz yoʻllarning xavflilik darajasini keskin oshirib yuboradi.
Oʻzbekistonda bu masalaga birdaniga uzil-kesil yechim topish imkoniyati hozircha yoʻq. Lekin bosqichma-bosqich jiddiy qadam qoʻyilyapti. 2023-yil 10-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Yoʻl xoʻjaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan ushbu yoʻnalishda aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, bundan buyon umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalarini hamda sunʼiy inshootlarni qurish, rekonstruktsiya qilish va taʼmirlash ishlarining loyiha va loyihaoldi hujjatlari har bir hududning geologik va ekologik xususiyatini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi. Yoʻllarni loyihalashtirishda kompleks yondashuv boʻladi. Yaʼni, qayerda toʻxtash joyi boʻladi, qayerda daraxt ekiladi, yoqilgʻi quyish shoxobchasi, texnik va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari qayerda joylashadi, degan savollarga loyihaning oʻzida toʻliq javob aks etadi.
Endilikda pudratchi yoʻlni qanday texnika bilan qurishini oʻzi hal qiladi. Qurilayotgan avtomobil yoʻllari sifatini taʼminlash maqsadida qurilish va rekonstruktsiya qilish ishlari yakunlangan obyektlarning asosiy konstruktiv elementlari boʻyicha kamida uch yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi. Eng asosiysi, 2024-yildan boshlab har yili umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, koʻpriklar va sunʼiy inshootlarni qurish, rekonstruktsiya qilish obyektlariga 300 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorda kreditlar jalb qilib boriladi. Ichki yoʻllarni qurish va taʼmirlash uchun esa budjet mablagʻlari faqat «Mening yoʻlim» dasturi orqali ajratib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu vazifalarning amalga oshirilishi iqtisodiyot rivojiga, shahar va qishloqlarimizdagi yoʻllarimizning yangilanishiga, xalqimizning hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi. Eng asosiysi, hammasi koʻngildagidek boʻlsa, davlatimiz yoʻllarida oʻzimizni tom maʼnoda xavfsiz his qilamiz.
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
