Olot tumani IIBning bergan maʼlumotiga koʻra, shu yilning 17-oktabr kuni tungi soat 02:00 larda nomaʼlum shaxs, yashash uyiga borayotgan 3 nafar voyaga yetmagan shaxslar J.J., J.J. va J.D.larni Qorakoʻl va Olot tumanlarining chegarasidan oqib oʻtuvchi "Amu-Qorakoʻl" kanali koʻprigi ustida toʻxtatib, qoʻrqitadi. Soʻngra ularning choʻntagidan jami 77 ming soʻm naqd pullari hamda turli oziq-ovqat mahsulotlari solingan sport sumkasini ochiqdan-ochiq tortib oladi. 

Mazkur holat tuman IIB Navbatchilik qismida zudlik bilan qayd etilib, tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa sodir boʻlgan joy koʻzdan kechirilgan holda kechiktirib boʻlmas tezkor surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi. Olib borilgan harakatlar davomida ushbu talonchilik jinoyatini Qorakoʻl tumani Regihaydar mahallasida yashovchi, 1995-yilda tugʻilgan X.R. ismli shaxs spirtli ichimlik isteʼmol qilgan mast holatda sodir qilganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan X.R. ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.