Samarqandga bir yoʻlingiz tushib, “Qoʻshrabotni aylanib kelamiz”, – deyishsa, hech ikkilanmay rozi boʻling. Tuman garchi viloyat markazidan 100 km uzoqlikda joylashgan boʻlsa-da, uning togʻli, soyli, betakror manzarali goʻshalari bor. Viloyatimizning betakror tabiati, beqiyos tarixi, Ergash Jumanbulbul oʻgʻlidek baxshilar tugʻilgan, Joʻsh otaday aziz ziyoratgohlar boʻlgan Qoʻshrabot tumani bugungi kunda ham sayyohu ziyoratchilarni oʻziga jalb etadi.
Tuman dastlab 1943-yilda sobiq Mitan (hozirgi Ishtixon tumani hududi), Nurota va Xatirchi tumanlari hududlarining birlashuvi natijasida tashkil topgan. 1957-yilda tuman tugatilib, 1978 yilda qayta tashkil etilgan. Qoʻshrabot tumani Navoiy va Jizzax viloyatlari hamda Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon, Ishtixon, Payariq tumanlari bilan chegaradosh. Hozirda tumanda 7 ta qishloq fuqarolar yigʻini va 39 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud.
“Qoʻshrabot” soʻzi “ yonma-yon qurilgan ikki rabot” degan maʼnoni anglatadi. “Rabot” soʻzi dastlab harbiylar uchun moʻljallab qurilgan bino, istehkom, keyinchalik esa karvonsaroy (mehmonxona) maʼnosini ham bildiradi.
“Shovona” tumanning mashhur va obod qishloqlaridan biri. Qishloq tarixi taxminan XII asrga borib taqaladi. Rivoyat qilishlaricha, shu manzilda yashagan bir kampirning ikki oʻgʻli boʻlib, ular kun boʻyi mol boqar, kechasi dam olganlarida esa onalari mol-hollardan xabardor boʻlish uchun tonggacha olov yoqib oʻtirar ekan. Oʻsha paytlarda ana shu manzilga qoʻnib oʻtadigan savdogarlar bu mushtipar ayolni Шom ona, yaʼni kechaning onasi, deb atashgan ekan. Shu bois “Shomona” qishlogʻi yuz yillar oʻtib, nomi biroz oʻzgargan holda “Шovona” deya nomlanib kelayapti.
Tumanning soʻlim manzarali qishloqlaridan yana biri “Pangat” ham tillarda doston. Manbalarda keltirilishicha, Pangatning yoshi uch asrdan oshadi. Bu qishloqning tabiati fusunkor, tuprogʻi unumdor, suvlari shirin, daraxtlari viqorli va koʻrkam. Qishloq Nurota togʻ tizmasi janubiy yonbagʻrida joylashgan.
Mahobatli Qushxona, Gavxona va Bojgʻon choʻqqilari tumanning deyarli barcha joylarida koʻzga tashlanadi. Parvoz qilayotgan uchoqlar singari koʻkka qad koʻtarib turgan, bu choʻqqilar kishiga zavq beradi, togʻlar simfoniyasi esa “Pangat” qishlogʻining koʻrkidir. Qoratov va Oqtov oraligʻi oʻzaro «muzbel» orqali tutashgan. Bu oraliqdan qadimgi karvon yoʻli oʻtgan boʻlib, tuman hududidagi yoʻl yoqalarida qoʻsh rabotlar qurilgan. Qishloq ana shu muzbel va rabotlar yaqinida joylashgan.
Qishloqning nomiga kelsak, turli rivoyatlar va taxminlar mavxud. Eng avvalo, qishloq chindan ham balandlikda, bahavo maskanda joylashgan boʻlib, uni yuqori qishloq deb atashgan. Boshqa tomondan, Pangatda 80 nafardan ziyod avliyo oʻtganligi naql qilinadi. Shuni nazarda tutib, “Pangat” avliyolar makoni maʼnosini anglatadi degan taxminlar ham bor...
Umida MAMADALIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
