2024-yil 11-yanvarda Guliston buyum bozorida yolgʻiz yurgan yetti yoshli bola topildi.
Sirdaryo viloyati IIB JXX JTSB PPX batalʼoni safdori Hamidulla Ismatov xizmat vazifasini oʻtar ekan, bozorda yolgʻiz yigʻlab yurgan bolakayga koʻzi tushdi. Bolani yupatib, undan onasini izlab yurganini bilgach, maʼlumotlarni aniqlashga kirishdi. Uning yoshi yettidaligi, Xovosda yashashi maʼlum boʻlgach, zudlik bu haqida ratsiya orqali hamkasblari va bozor maʼmuriyatiga xabar berdi.
Qariyb bir soat davom etgan surishtiruvlar natijasida bozorning oyoq kiyimlar rastasi qismida oʻz bolasini izlab yurgan ayol aniqlandi. Maʼlum boʻlishicha, Xovos tumani, «Xovosobod» mahallasida yashovchi N.K. ismli ushbu ayol oʻgʻli bilan bozor-oʻchar qilish uchun Guliston shahriga kelgan. Savdo qilayotib, farzandini koʻzdan qochirgan. Oʻynoqi bola peshtaxtalardagi buyumlarni tomosha qilib, onasidan qolib ketganini sezmay qolgan...
Safdor Hamidulla Ismatovning hushyorligi evaziga bola sogʻ-salomat onasining qoʻliga topshirildi.
Oʻz muxbirimiz.
Sirdaryo viloyati.
