Joriy yilda IIV Jizzax akademik liseyi binosi kapital taʼmirlandi. 400 oʻrinli oʻquvchilar turarjoyi hamda 300 oʻrinli oshxona bunyod qilindi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov ishtirok etdi.
Vazir oʻrinbosari dastlab liseyda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. U sinfxonalarning zarur anjom va vositalar bilan taʼminlanishiga, axborot-resurs markazi, shuningdek, elektron kutubxonada yuzaga keltirilgan imkoniyatlarga eʼtibor qaratdi. Oʻquvchilar turarjoyini koʻzdan kechirdi.
General-mayor Azizbek Ikramov lisey oʻquvchilari bilan muloqot ham oʻtkazdi. Uchrashuv davomida vazir oʻrinbosari yoshlarning bilim olishi, hunar egallashi va ish bilan taʼminlanishiga qaratilgan islohotlar toʻgʻrisida soʻz yuritdi.
Taʼkidlash joiz, joriy yilda liseyni tamomlagan 387 nafar bitiruvchining 224 nafari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi.
Shu kuni oʻquv muassasasida viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Hamidullo Abdullaev maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati foydalanishni boshlagan «e Jizzax baza» elektron maʼlumotlar tizimi taqdimotini oʻtkazdi. Ushbu maʼlumotlar bazasi xodimning shaxsi va xizmat faoliyatiga oid maʼlumotlarni qisqa vaqtda olish imkonini beradi.
Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati masʼullarini bogʻlovchi videoaloqa tizimi taqdimoti uyushtirildi.
Vazir oʻrinbosari Azizbek Ikramov bilan oʻtkazilgan muloqotlar davomida amalga oshirilishi lozim boʻlgan qator vazifalar belgilab olindi. Chunonchi, akademik lisey hududidagi boʻsh binoda muayyan sharoitlarni yaratish orqali ichki ishlar organlari xodimlarini oʻqitish, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, jangovar va jismoniy tayyorgarligini kuchaytirish hamda ularni sinovdan oʻtkazish markazini bunyodga keltirish yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
Alijon ABDUSATTOROV,
«Rostda» muxbiri.
Jizzax viloyati.
