Respublika Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov hamda hudud osoyishtaligiga masʼul ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida Chirchiq davlat pedagogika institutida uchrashuv tashkil etildi.
Shahardagi ijtimoiy-madaniy muhitni yaxshilash, jinoyatchilikning oldini olish kabi dolzarb vazifalarga bagʻishlangan tadbirda mahallalar faollari, ichki ishlar organlari faxriylari, tizimda ishlab kelayotgan yosh xodimlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Uchrashuvda soʻzga chiqqan Zokirjon Almatov jamiyatda sogʻlom muhit barqarorligini taʼminlash, huquqbuzarlik va turli jinoyatlarning oldini olish ichki ishlar organlari xodimlarining vazifasi ekanligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, fuqarolar bilan muntazam muloqotda boʻlish, quvonchu tashvishlarini his qilish, zarur hollarda ulardan yordamini ayamaslik xizmat samaradorligining oshishida muhim oʻrin tutishini hayotiy misollar orqali aytib oʻtdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar berilgan savollariga batafsil javob olishdi. Ayniqsa, tizimda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar uchun oʻtilgan mahorat darsi barchada katta taassurot qoldirdi.
Uchrashuv soʻngida xizmat vazifasiga sidqidildan yondashib, hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan xodimlarning ota-onalariga Tashakkurnomalar topshirildi. Bir guruh fidoyi osoyishtalik posbonlari faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Oxunjon MUSTAFOEV,
Toshkent viloyati IIBB
Axborot xizmati xodimi, safdor.
