Qarshi shahridagi “Yoshlar markazi”da Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi, polkovnik Shoxruh Gʻiyosov viloyatda faoliyat koʻrsatuvchi jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Unda jurnalist va blogerlar jamiyatda roʻy berayotgan jinoiy yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar va boshqa voqea-hodisalar haqida soʻrovlar asosida tizimning faqat axborot xizmatlari orqali aniq maʼlumot olishi mumkinligi aytib oʻtildi. Jamiyatda roʻy berayotgan jinoyatlar yoki huquqbuzarliklarga oid maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, keyin eʼlon qilish nafaqat axborot tarqatuvchi, balki har qanday shaxs, shu jumladan, jurnalistlar va blogerlarning ham majburiyatlaridan biri hisoblanishi taʼkidlandi. Shu bois jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollaridan berilayotgan xabar, videolavha yoki maqolaning haqqoniyligini tekshirish, foydalanuvchilarga aniq va toʻgʻri xabarni yetkazish, yolgʻon xabar bilan ommani chalgʻitmaslik uchun ichki ishlar organlari bilan bogʻliq har qanday holatlarni tizimning axborot xizmati bilan bogʻlangan holda eʼlon qilish maqsadga muvofiqligi bildirildi.
Ochiq muloqotda mahalliy bloger va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berilib, kelgusidagi hamkorlik masalalari kelishib olindi.
Sodiq RAHIMOV,
“Postda” muxbiri.
Qashqadaryo viloyati.
