Soʻnggi paytlarda yoʻllarda oʻz xizmat burchini bajarayotgan YPX inspektorlarining qonuniy talabiga boʻysunmay, ularga faol qarshilik koʻrasatadigan “shovvoz”larning xurmacha qiliqlari aks etgan videolar ijtimoy tarmoqlarda tez-tez paydo boʻlmoqda.
Yaqinda Qoʻqon shahrida ham xuddi shunday voqea yuz bergan edi. Shaharning Farobiy koʻchasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi “toʻxtash taqiqlanadi” belgisi bor joyga qoʻyib ketilgan “Neksiya-2” rusumli avtomashina haydovchisidan hujjatlarini soʻrab, sodir etgan qoidabuzarligi uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirmoqchi boʻlganida haydovchi xodimga faol qarshilib koʻrsatib, uni avtomashinasida sudrab ketadi. Taxminan 50-100 metrlar masofaga sudrab borgach, xodim yerga yiqilib, tan jarohati oladi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, toʻplangan materiallar haydovchiga nisbatan qonuniy chora koʻrish uchun jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudiga taqdim etilgan edi. Odil sud jinoyat materiallarini atroflicha koʻrib chiqib, haydovchiga nisbatan bir yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashga qaror qildi va hukm chiqardi.
YPX xodimini oʻz avtomobilida sudrab ketgan haydovchi bugun qilmishidan pushaymon. Uning afsus va nadomatlari boshqalarni ogohlikka chaqirsa ajab emas.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
