Joriy yilning oʻtgan davrida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda birmuncha yutuqlarga erishildi. Xususan, talonchilik hamda badanga oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlari umuman sodir etilmadi. Badanga yengil tan jarohati yetkazish holatlari 50 foizga kamaydi. Mahallalardagi jinoyatchilik darajasi qariyb 40 foizga kamaygani esa amalga oshirilgan profilaktik ishlar samaradorligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, aniqlanadigan jinoyatlar boʻyicha koʻrsatkich ham oʻtgan yilga nisbatan 25 foizga yaxshilangan. 

Tumanda jinoyatchilikning oldini olishda profilaktika inspektorlari, mahalla mutasaddilari va aholi hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar bilan doimiy muloqot va ochiqlikni taʼminlash maqsadida 36 marta sayyor qabul tashkil etildi. Bu qabullar davomida jami 70 ta murojaat qabul qilinib, ularning 46 foizi ijobiy hal etilgan boʻlsa, 18 ta murojaat boʻyicha malakali huquqiy tushuntirish berildi.

Joriy yilning oʻtgan davrida kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda eʼtirofga loyiq ishlar amalga oshirildi. Jumladan, «qizil» toifadagi mahallalarda 180 ta «namunaviy xavfsiz yoʻlak», 69 ta «namunaviy xavfsiz koʻcha» tashkil etildi. Aholi gavjum toʻplanadigan joylar va koʻchalarga 541 ta, taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga 167 ta «RTZ» kameralari, mahallalarning asosiy joylariga 167 ta yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi maxsus kameralar oʻrnatildi. Mahallardagi 909 ta yakka tartibdagi va koʻp qavatli xonadon, 65 ta savdo-maishiy xizmat koʻrsatish obyekti texnik qoʻriqlovga olindi. Natijada 3 ta mahalla «qizil»dan «sariq», 4 ta mahalla «yashil» toifaga oʻtdi. 

Qariyb chorak asrdan buyon el-yurt osoyishtaligi yoʻlida oddiy xodimlikdan rahbarlikkacha boʻlgan mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtgan, turmush oʻrtogʻi Yulduzxon bilan uch nafar farzandni tarbiyalab kelayotgan podpolkovnik Shuhrat Choriyevning xizmatlari beiz ketmadi. U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-oktabrdagi «Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash toʻgʻrisida»gi farmoniga binoan, «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi. 

– Otam biz uchun chinakam ibrat namunasi, – deydi lavhamiz qahramonining katta oʻgʻli Suhrob. – Bolaligimda uyga kelishlarini doim kutib oʻtirardim. U kishiga havas qilib, men ham shu sohada xizmat qilishni maqsad qilganman. Shu niyatda hozir Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tahsil olyapman. Kelajakda men ham ichki ishlar organlarida xizmat qilib, el osoyishtaligi, yurt tinchligini va qonun ustuvorligini taʼminlashga oʻz hissamni qoʻshaman.

Sodiq RAHIMOV, 

oʻz muxbirimiz.

Qashqadaryo viloyati.