– Kishi hayotda koʻplab qiyinchiligu sinovlarga chidashi mumkin, biroq adolatsizlikka duch kelsa, uni hazm qilishi oson kechmaydi. Men ham hayotda haqsizlikka uchragan odamlarni koʻrganda ichimda bir choʻgʻ alangalanaveradi. Ana shu choʻgʻ ularni himoya qilishim, haqiqatning qaddini bukmasligim kerakligini uqtiraveradi, – deydi Termiz shahar IIB 1-sonli Ichki ishlar boʻlimi huzuridagi tergov guruhi surishtiruvchisi, kapitan Mashhura Saʼdulloyeva.
U yosh boʻlishiga qaramay, koʻplab firibgarlik, yoʻl-transport hodisasi, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq jinoyatlarni ochishda faollik koʻrsatib kelmoqda. Bu borada unga ustozi Termiz shahar IIB huzuridagi tergov boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Xushmamat Iskandarovning oʻgitlari asqatmoqda.
– Tergovchining xato qilishga haqqi yoʻq, deb uqtiradi ustozim, – deydi Mashhura Saʼdulloyeva. – Shu bois har bir ishga oʻzgacha yondashib, faktlarni, voqealarni sinchkovlik bilan oʻrganishimiz kerak. Aks holda, biz beradigan notoʻgʻri xulosa kimningdir taqdirini oʻzgartirib yuborishi mumkin.
Mashhura Saʼdulloyeva Xorazm viloyatining Shovot tumanida tugʻilgan. Tergovchilik kasbiga boʻlgan ishtiyoq uni 2014-yilda IIV Akademiyasiga yetaklab kelgan. Akademiyani imtiyozli diplom bilan tamomlagach, dastlab Urganch tumani IIB huzuridagi tergov guruhida surishtiruvchi, keyin Shovot tumani IIB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori vazifalarida faoliyat yuritdi. Turmush oʻrtogʻi Surxondaryo viloyatida xizmat qilgani bois Mashhura ham faoliyatini vohada davom ettirdi. Avval Sherobod tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimida, soʻng Termiz shahar IIB 4-sonli IIB huzuridagi tergov guruhida surishtiruvchi vazifasida xizmat olib bordi. Bu yillar unga yaxshigina tajriba maktabi boʻldi. Bugun esa ana shu oʻrganganlarini ogʻir jinoyatlarni fosh etishda qoʻllamoqda.
– Jinoyat sodir etgan shaxsni avvalo tarbiyalash kerak, deb hisoblayman, – deydi qahramonimiz. – Chunki inson qilgan xatosini anglab yetsagina, toʻgʻri yoʻlga qayta oladi. Men ham shu qoidaga amal qilgan holda, har bir ishni obdan koʻrib chiqqach, uni xulosalayman.
Shuncha yumushiga qaramay, Mashhura yaxshi koʻrgan mashgʻuloti – kitob mutolaa qilishga ham vaqt topadi. Odil Yoqubov, Oʻtkir Hoshimovning asarlarini, Abdulla Qahhorning hikoyalarini sevib oʻqiydi. Ulardan sabrni, odamiylikni oʻrganadi. Asarlardagi qahramonlardan kuch, energiya oladi. Shundanmi, gʻayrat va shijoatga toʻla qahramonimiz qaysi tanlovda qatnashmasin, albatta, gʻoliblikni qoʻlga kiritadi.
2021-yilda tergov yoʻnalishida oʻtkazilgan tanlovda «Eng yaxshi ayol xodima» nominasiyasida viloyatda birinchilikni qoʻlga kiritgan Mashhura bu yil «Eng faol xodima» sifatida viloyatda birinchi oʻringa munosib koʻrildi. Shu bilan birga, hozirda viloyat IIB xotin-qizlarining «Zakovat» guruhi sardori sanaladi.
Mashhuraning ota-onasi ham ziyoli insonlar. Ular xalqning bolasiga taʼlim-tarbiya berishadi. Garchi masofa uzoq boʻlsa-da, ular har doim qizlarini qoʻllab-quvvatlashadi. Uni kamtar boʻlishga, yutuqlardan havolanib ketmaslikka chaqiradi. Kibrlanish insonni eng past darajaga tushirib qoʻyishidan ogohlantiradi.
– Agar oila aʼzolaringiz sizni qoʻllab-quvvatlamasa, bu sohada ishlash juda qiyin, – deydi Mashhura. – Bu borada ota-onamdan juda minnatdorman. Shu qatorda, meni tushunishga uringan va kasbimni sevishga undagan turmush oʻrtogʻimdan ham.
Uyda namunali rafiqa, xizmatda fidoyi xodim boʻlishni uddalayotgan qahramonimiz bu hayotda berilgan barcha neʼmatlarga, imkoniyatlarga nisbatan ana shunday minnatdorlik tuygʻusi bilan yashaydi. Bundaylarga esa taqdir oʻz tuhfalarini ziyoda qilaveradi.
Feruza RAHMONQULOVA,
«Postda» muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
