Mast holatdagi S.Samatning (ism-familiya oʻzgartirilgan) qoʻngʻiroq qilib, taksi chaqirtirishdan maqsadi uyiga tezroq yetib olish edi. Ammo, chaqirtirilgan taksi yetib kelganidan soʻng unga chiqqan Samat yoʻl-yoʻlakay turli soʻzlarni aytib haydovchining jigʻiga tegdi. Oxiri haydovchining sabri tugadi. Oʻrtada gap talash boshlandi. Haydovchi mast kishi bilan tortishib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmay 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish uchun avtomashinasini toʻxtatdi.

Avtomashinadan tushib telefonda gaplashayotgan haydovchi biroz oʻtib, orqasida turgan “Spark” avtomashinasining joyidan qoʻzgʻalganini koʻrib, hushi uchdi va bu haqida ichki ishlar organiga xabar berguncha joyida qolishga majbur boʻldi.

Bu paytda kalitning ichkarida qoldirilganidan foydalanib avtomashinani yurgizgan Samat katta tezlikda uni boshqarib ketayotgan edi. Ammo, u uzoqqa bora olmadi. Tezda qoʻlga olindi. 

Endilikda u oʻzboshimchalik bilan qilgan xatti-harakati uchun boshqa manzilga eltib qoʻyiladigan boʻldi.

Azamat PIRNIYAZOV 

 «На посту» muxbiri.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.