Siz kutgan uchrashuv

Mirolim Qilichev 1987 yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan. 2008 yildan buyon Oʻzbek Milliy akademik drama teatri aktyori. 

2012 yilda kino sohasi boʻyicha oʻtkazilgan tanlovda «Jasur» filmidagi Jasur roli uchun, 2013 yilda «Seni kuylaymiz, zamondosh!» Respublika teatr sanʼati tanlovida «Oydin» spektakldagi Samandar roli uchun «Eng yaxshi erkak roli» nominatsiyasiga sazovor boʻlgan. 

2014 yili «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan.


Vatan – muqaddas. Uning tinchligi, osoyishtaligi shu zaminda tugʻilib oʻsgan har bir insonning ezgu maqsadi. Yurtga sadoqat, vatanparvarlik tuygʻusi bu ulugʻ maqsadlarning debochasidir. Zero, har yurakning mehrobi – Vatan. 

Oʻzbek Milliy akademik drama teatrining yosh, iqtidorli aktyorlaridan Mirolim Qilichev teatr sahnasida «Ogoh boʻling, odamlar», «Oʻzbekcha raqs» singari spektakllarda bir-birini takrorlamas rollar ijrochisi. «Jasur», «Umid», «Uqubat» singari kinofilmlarda yaratgan obrazlari orqali vatanparvarlik tuygʻusini oʻziga xos samimiy talqin eta bilib, xalqimiz mehrini qozongan. Ijodkor bilan suhbatimiz uning sanʼat olamiga kirib kelishi, ustozlari, oʻziga xos ijrolari xususida boʻldi.

– Kasb tanlashda inson unib-oʻsgan muhitning ham oʻrni bor. Sizni sanʼatning sehrli olamiga yetaklagan jihatlarni nimalarda koʻrasiz?

– Kasb tanlashimda (oʻylanib) nafaqat tugʻilib oʻsgan joyim, balki ota-onamning alohida hissasi bor. Sababi ular nihoyatda sanʼatni sevadigan, sanʼatkorlarga hurmati cheksiz insonlar. 

Kechagidek esimda har doim «Oqshom toʻlqinlarida» eshittirishini diqqat bilan tinglardik. Koʻpincha ota-onam radioda musiqa yangrashi bilanoq qaysi sanʼatkorning qoʻshigʻi ekanligini topish ustida bahs bogʻlashardi. Biz farzandlar ham oʻz-oʻzidan bahsga aralashib ketardik. Televizorda «Otalar soʻzi – aqlning koʻzi» koʻrsatuvi boshlandi deguncha, ekran qarshisiga tizilishib olardik. Qishlogʻimizda tez-tez hind filmlari namoyishi boʻlib turardi. Men uchun bu bayram edi. Akam koʻpincha film tomosha qilayotib, uxlab qolardi.(kuladi) Men esa kino voqealari ichiga shoʻngʻib, oʻzimni qahramonlarning oʻrnida his etardim. Menda sanʼatga boʻlgan qiziqish, ishtiyoq uchqunlari oʻsha vaqtda uygʻongan boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Maktab sahnasida Shiroq, Doro singari koʻplab rollarni oʻynaganman. Shunday kunlarning birida onam «Aktyor boʻlasanmi, bolam?» deb qoldilar. Maslahat, yoʻl-yoʻriq soʻrab, hamshaharimiz Muhammad Rafiqovning oldiga bordik. Ular men bilan biroz suhbatlashib, sheʼr ayttirdilar. Shundan soʻng biroz oʻylanib turib, «Oldimga kel, ijodiy imtihonlarga tayyorgarlik koʻramiz, oʻzim ustozlik qilaman», – dedilar. Oʻshanda xursandligim ichimga sigʻmagandi. Nihoyat omadim chopib, talaba boʻldim, haqiqiy sanʼat olamiga kirib keldim. 

– Koʻpincha sanʼatkorlarning mahorat qirralari haqida soʻz ketarkan, beixtiyor «ustoz koʻrgan» deyishadi. Siz ustozlaringizdan nimalarni oʻrgandingiz va yana nimalarni oʻrganishim kerak, deb oʻylaysiz? 

– Milliy teatrga ilk bor kelganimda toʻrtinchi bosqich talabasi edim. Ishni sahna ustachiligidan boshlaganman. Yaʼni, har bir spektakl uchun maxsus sahna dekoratsiyalari qurardik. Ish jarayonida elimiz eʼtiboriga tushgan artistlarning ijrolarini kuzatardim. Ilk marotaba «Uvaysiy» spektaklida kamonchi yigitlar, keyin «Amir Temur», «Makr va muhabbat» spektaklida jangchi yigitlar ommaviy sahnalarida ishtirok etganman. 

«Amir Temur» spektakli sahnalashtirilayotgandi. Aktyor Uchqun Tillayev «Sen gapir», deganida, mendan baxtli inson yoʻq edi. Shundan keyin bitta, ikkita, uchta soʻz aytadigan kichik rollarda chiqa boshlaganman. Teatrdagi ilk katta rolim «Tortadurman jabrini» spektaklida Azim roli. Ushbu spektakldan soʻng birin-ketin bosh rollarni ijro etganman. 

Taniqli aktyorlar bilan bir sahnada ishlash jarayonida shunday xulosaga keldim: sanʼatda ustozlarning maslahat va yoʻl-yoʻriqlariga quloq tutib, ularga amal qilgan inson qiyinchiliklarni yengib oʻtishda oʻzida kuch topa oladi. Institutda Maʼmurjon Umarov, Arsen Ismoilovdan sanʼatning nozik jihatlarini oʻrgandim. Teatrga kelgan ilk kunim «Gamlet» spektaklida Gamletni oʻynayotgan Tohir Saidovning ijrosidan nihoyatda taʼsirlanganman. Keyinchalik, Tohir Saidov, Botir Muhammadjonov kabi ustozlardan koʻp maslahatlar oldim.

Kino olamida Muyassar Berdiqulova, Ahmadjon Unarboyev qoʻllab-quvvatlab, «Jasur», «Uqubat» filmlarida ustozlik qildi. Hozirgacha biror obraz ustida ishlash jarayonida ikkilansam, albatta, ustozlarim bilan fikrlashib, ijroimni yanada boyitishga harakat qilaman. Bir soʻz bilan aytganda, ustozlarimdan sanʼatni ichida yashashni oʻrgandim. Ayni paytda ham ulardan oʻrganishim kerak boʻlgan jihatlar juda koʻp.

– Siz xalqimiz mehrini goh Jasur, goh Umid boʻlib qozongansiz. Bu ijrolaringiz har gal tomoshabin koʻnglida insoniylik, vatanparvarlik, burchga sadoqat va fidoyilik tuygʻulari uygʻotadi...

– «Umid», «Jasur» kinokartinalari xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan filmlardan. Men ham shu kinolardagi ijrolarim bilan xalqimizga tanildim. Ushbu filmlarning yutugʻi yaxshi ssenariy ustida bir tanu bir jon boʻlib ishlagan butun bir jamoaning mehnat mahsulidir. «Jasur» filmidagi rolim haqida gapirsam, ushbu kartina real voqealar asosida tasvirga olingan. Oramizda Jasur singari vatanparvar qahramonlar juda koʻp. Men qahramonimning qalbidagi avvalo, Vataniga, oʻz kasbiga boʻlgan sadoqatini ochib berishim kerak edi. Buning uchun yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilayotgan soha vakillarini har jihatdan kuzatganman. Tasvirga olish jarayonlarida nafaqat ustozlarim balki chegara qoʻshinlarining professional harbiy xizmatchilaridan koʻp maslahat va tavsiyalar olganman. Soha mutaxassislari bilan ishlash jarayonida, bu kasbda nihoyatda sinchkovlik va aql bilan harakat qilish kerakligini anglab yetganman. Harakatlarim hayotiy chiqishida ularning fikrlari juda asqatgan. 

«Umid» filmidagi qahramonimning oʻzimga oʻxshash tomonlari koʻproq. Yoshligida qiyinchilikda toblanib katta boʻlgan, oʻz maqsadi yoʻlida oʻqib, izlangan, halol, toʻgʻri soʻz.

Hayotda mashaqqatlarsiz koʻzlangan natijaga erishib boʻlmaydi. Ammo men aktyor sifatida xalqimizga manzur boʻlib, ularning koʻnglidan joy oluvchi oʻlmas obrazlar yaratishni oʻzim uchun qiyinchilik emas, balki sharaf deb bilaman.  

– Sizni ichki ishlar organlari xodimi, tergovchi obrazlarida koʻramiz. Soha vakillarining xizmatdagi qiyinchiliklarini tomoshabinga yetkazishda rejissyor tavsiyalaridan tashqari nimalarga ahamiyat qaratasiz? 

– Ichki ishlar organlari xodimlari rolini ijro etish oson emas. Buning uchun soha vakillarining masʼuliyatli vazifalarining mohiyatini tushunish kerak. Shu bois xodimlarning rolini ijro etsam, birinchi navbatda ssenariyni sinchiklab oʻqib, xayolan qahramonim portretini chizib olaman. Rejissyorlar ham maslahat va tavsiyalar beradi, albatta. Qolaversa, turli tadbirlarda ushbu tizim xodimlari bilan uchrashamiz, oʻzaro suhbatlashamiz. Ushbu jarayonda ularning oʻzini tutishi, xatti-harakatini kuzataman. Kuzatuvlarim asosida ijrolarimni boyitish uchun muhim jihatlarni jamlab boraman.

– Har bir inson – u xoh aktyor, xoh shoir, xoh dehqon boʻlsin, ertangi kun umidi bilan yashaydi. Shu maʼnoda, siz teatr sahnasi, kinoda qanday obrazlarni yaratishim kerak, deb oʻylaysiz? 

 – Bizning tarixiy ildizlarimiz Jaloliddin Manguberdi, Amur Temur singari ulugʻ zotlarga tutash. Buyuk bobokalonlarimizning Vatan ozodligi, obodligi yoʻlida koʻrsatgan jasorati, mardligi, vatanparvarligi har birimiz uchun ibrat. Fitrat, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon singari maʼrifatparvar insonlarning fidoyiligi doimo qalbimizda. Men buyuk ajdodlarimiz siymosini, qolaversa, zamonamiz qahramonlari qiyofasini yurtdoshlarimizga manzur boʻladigan tarzda yaratishni xohlayman. 

Milliy teatr sahnasida Shekspirning «Gamlet» tragediyasidagi rolni ijro etish ham orzularimdan biri.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.


Gulnoza TURGʻUNBOYEVA suhbatlashdi.