– Jinoyatchilar iloji boricha qilmishidan iz qoldirmaslikka harakat qilishadi, – deydi viloyat IIBB EKM Tahlil va texnik rivojlantirish guruhi bosh eksperti, mayor Agzam Bekxodjayev. – Biroq har bir harakatdan keyin iz qoladi. Buni esa faqatgina soha mutaxassislari, yaʼni tajribali kriminalistlar payqay olishadi. Shu bois ham bizning xizmatimiz oʻta sinchkovlik va hushyorlikni talab etadi. Yana bir jihatni doim yodda tutish kerak, jinoyat joyini koʻzdan kechirish jarayonida olingan izlar, buyumlar nafaqat aybdorni topish, balki shu holatga aloqasi yoʻq kishilarning shaxsiga aniqlik kiritishda ham qoʻl keladi.

Ha, mutaxassisning soʻzlarida jon bor. Koʻp hollarda ilmiy asosdagi tahlillarning xulosalari kalavaning uchini topish va aybdorga qonuniy chora koʻrishda qoʻl keladi. Shu oʻrinda kriminalistikada kimyoviy ekspertizaning alohida oʻrni borligini taʼkidlash joiz. Xususan, giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq tahlillar kimlarningdir jinoiy qilmishiga borib taqaladi. 

– Har qanday moddani bir qarashda baholash qiyin. Ayniqsa, jinoyat alomatlari bilan topilgan moddalar tahlili oʻta sinchkovlikni talab etadi, – deydi mayor Agzam Bekxodjayev. – Sababi giyohvandlik vositalarining turi koʻp. Shu bois ham laboratoriyamizga olib kelingan moddalar bir nechta bosqichda tekshiriladi. Xususan, oʻtgan 2025-yilda viloyat hududida joylashgan «Oybek» bojxona postida avtomashinadan koʻk rangli polimer qop ichida sariq rangli lentalar bilan oʻralgan yumshoq, suyuqsimon qoramtir-jigarrang rangdagi giyohvandlik vositasiga oʻxshash modda topildi. Ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan ushbu koʻp miqdordagi moddalar yuzasidan olib borilgan tahlillar ularning opiy guruhiga mansub giyohvandlik vositasi ekanligini tasdiqladi.

Taʼkidlash joizki, viloyat IIBB EKM ekspert-kriminalistlari oʻtgan yilda viloyat hududida oʻtkazilgan «Oriyat» tezkor qidiruv tadbirlarida, «Xavfsiz va sogʻlom yurt» koʻp bosqichli tezkor-profilaktik tadbirlarda giyohvandlik vositalari ekspertizasi, maxsus kimyoviy ekspertizalar, ballistika va sovuq qurol ekspertizalarini ham olib borishdi. 

Sirasini aytganda, ular zarralarni oʻz oʻrnida tilga kiritishdek muhim vazifalarini mahorat bilan ado etib kelishmoqda. 

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

 oʻz muxbirimiz.

Toshkent viloyati.