Viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, podpolkovnik J.Boltayev boshchiligida viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi F.Qurbonov hamda qator masʼullar ishtirokida soha xodimlari oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olishga doir amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Unda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish hamda tizim mutasaddilarining masʼuliyati, javobgarligi va hisobdorligi mexanizmlariga oid fikr-mulohazalar bildirildi.

        Yigʻilishda joriy yilning 5 oyi davomida viloyatda taʼlim sohasida voyaga yetmagan oʻquvchilar ishtirokida 60 ta hamda tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlar tomonidan 26 ta jinoyat holatlari sodir etilgani qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, soha xodimlari oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda sodir etilgan jinoyatlarning sabab va omillari xususida maʼruza qilinib, yigʻilganlarga firibgarlik, oʻgʻirlik, kiberjinoyatchilik qurboniga aylanib qolmaslik hamda yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlashga doir tushuntirishlar berildi.

        Uchrashuv davomida korruptsiya taʼlim-tarbiya tizimi uchun eng katta xavf va birinchi raqamli dushman ekanligi alohida taʼkidlanib, tamagirlik, poraxoʻrlik, tovlamachilik va firibgarlik hamda boshqa shu turdagi korruptsion jinoyatlar, ularning huquqiy oqibatlari, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladigan jazo choralari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar ham berildi. Tizimda korruptsion holatlarning oldini olish borasida hamjihatlikda kurashish va bu kabi holatlarga duch kelinganda tegishli huquq-tartibot idoralari bilan uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning soddalashtirilgan tizimini yaratish yuzasidan topshiriq va koʻrsatmalar taqdim qilindi. Jinoyatlarning bu kabi muhokamalari viloyatning boshqa sohalarida IIB boshligʻining oʻrinbosarlari ishtirokida davom ettirilmoqda.

 

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.