Qoraqalpoq xalqida «yoshligimizda ber mehnat, qariganda ber davlat» degan naql bor. Bu naql bugun tabarruk 96 yoshni qarshi olayotgan mehnat fronti faxriysi Raushan momo Samarkanovaning hayot yoʻlini toʻla ifoda etib turgandek goʻyo. Chunki uning bolalik payti suronli Ikkinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri keldi. U barcha qiyinchiliklarni kattalar qatori matonat bilan yengib oʻtdi. Hozir esa 15 nafar nabira va 10 nafar evaraning suyukli buvisi boʻlib, qarilik gashtini surmoqda.
Onaxon 1930 yili Qoʻngʻirot tumanining «Qizil dehqon» jamoa xoʻjaligi 5-ovulida dunyoga kelgan. Qirgʻinbarot urush boshlanganida boshlangʻich sinfda oʻqib yurgandi. Ovuldagi aksar erkaklar frontga safarbar etildi. Otasi Samarkan Naurizov esa salomatligi yomonligi tufayli 1942 yili mehnat fronti bataloniga chaqirilib, uzoq Chelyabinsk shahridagi tank zavodida, shaxtalarda ishlashiga toʻgʻri keladi. Oilada Raushan oyisi va ukasi Jaqsilik bilan birga qoladi.
– Hamon yodimda, ertalab maktabga borardik. Bir-ikki soat darsdan soʻng barcha oʻquvchilar qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb etilardi, – deydi u. – Kattalar bizga gʻalabaga erishsakgina tinch-totuv hayot tiklanishi, otalarimiz qaytib kelishi, toʻyib ovqat yeyishimiz, bemalol oʻqishimiz mumkinligini tushuntirardi. Menimcha, ana shu soʻzlar bolalarga chidam, kuch-gʻayrat ato etgan boʻlsa kerak.
Oʻsha yillari tez-tez daryo toshib turardi. Shunday paytlari maktab oʻquvchilari ham suvni toʻsish uchun yordamga chiqardi. Biz kichkinalar bir qator boʻlib tizilib turardik, qoʻlimizdagi matoga bir belkurakdan tuproq solishardi (undan ortigʻini koʻtara olmasdik ham), shuni damba tepasiga olib chiqishimiz kerak edi. Bu mashaqqatli ish suv oldi toʻsigʻi tayyor boʻlgunicha davom etardi.
1943 yili daryo haddan tashqari toshib, tumanimizning ayrim hududlari, shu qatori bizning ovulimiz ham suv ostida qoldi. Aholi boshqa joyga koʻchib oʻtdi.
U yerda uy solish uchun imkon ham, vaqt ham yetmasdi. Shu boisdan 2 yil yertoʻlada yashashga majbur boʻlganmiz. Kechasi uxlashga yotganimizda yertoʻla shiftida ilon yoki chayonni koʻrib, qoʻrqqanimizdan oyimizning pinjiga tiqilib yigʻlaganlarimiz hamon yodimda. Urush tamom boʻlib, otamiz qaytib kelganidan soʻnggina, u qurgan uyga koʻchib oʻtganmiz.
– Oʻsha davrda ilgʻor ishchilar harakati boʻlardi. Ter toʻkib qilgan mehnatlarim tufayli men ham
14–15 yoshlarimdayoq ular qatoridan oʻrin oldim. Berilgan normani ortigʻi bilan bajarganim uchun faxriy yorliq berishgan, mato, oziq-ovqat mahsulotlari bilan mukofotlashgan. Hozir shu davrlar esimga tushsa, yosh boshimizga shuncha ishni qanday uddalaganmiz deb hayron qolaman. Tilagim: shunday ogʻir va musibatli kunlar hech qachon qaytib kelmasin. Bugungi tinch-osoyishta, farovon kunlarimizga, yurtimizning obodligiga koʻz tegmasin, – deydi Raushan momo.
1947 yilda u ichki ishlar organi xodimi boʻlgan Kudaybergen Moʻminov bilan turmush quradi. Onaxonning umr yoʻldoshi
1962–1983 yillar davomida yongʻin xavfsizligi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatib, podpolkovnik unvonida pensiyaga chiqadi va 2002 yilda vafot etadi.
Ikkisi birgalikda uch farzandni tarbiyalab voyaga yetkazadi. Qizlari Roza va Jaqsibiyke jamiyatimizning turli sohalarida faoliyat olib borib, hozir pensiyada. Oʻgʻli Sabit Moʻminov esa ota yoʻlini davom ettirib, 1987–2007 yillarda ichki ishlar organlarida xizmat qilib, podpolkovnik unvonida pensiyaga chiqqan.
Azamat PIRNIYAZOV,
oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
