Ayrim fuqarolar tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarga yordam koʻrsatish oʻrniga, ularning ojizligidan foydalanib jinoyat sodir etish holatlari uchrayotgani achinarli hol.
Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashovchi I.M., oʻzining “Kobalt” rusumli avtomashinasida “Doʻstlik” metro bekati yonida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga tanishini kutib olish uchun ketmoqchi boʻlgan vaqtida surxondaryolik koʻzi ojiz fuqaro S.A.ni yoʻlovchi sifatida olib, uni aeroportga olib keladi. Shundan soʻng S.A.ga yoʻlkira haqi 30 ming soʻm boʻlganini maʼlum qiladi. S.A. esa unga yonida naqd puli yoʻqligini, shu miqdordagi pul miqdorini yechib olish uchun oʻziga tegishli bank plastik kartasini taqdim etadi.
Qarangki, fuqaro I.M. S.A.ning koʻzi ojizligini bila turib, aeroportning ichkari qismidagi bankomat orqali bank plastik kartasidan 30 ming emas, 300 ming soʻm miqdoridagi pul mablagʻini yechib oladi. Bankomat cheki va plastik kartani koʻzi ojiz fuqaroga qaytarib berib, yechib olingan pulni oʻz ehtiyoji uchun bemalol sarflab yuboradi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Nozim GʻULOMOV,
IIV Transport va turizm obʼektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti huzuridagi Tergov boshqarmasi OʻMIB tergovchisi.
