Darhaqiqat, soha xodimlarining jamoatchilik orasida mavqeyini yanada oshirish, xalqimizning mazkur kasbga boʻlgan hurmat va eʼtiborini kuchaytirish, fuqarolar bilan boʻladigan munosabatlarda ichki ishlar organlari xodimlari oʻzlarini yuksak madaniyatli va maʼrifatli inson sifatida namoyon etishlarini taʼminlash ustuvor vazifa hisoblanadi.
Xalq xizmatchisi sifatida xodim fuqarolar bilan boʻladigan muloqotda odob-axloq qoidalaridan chetga chiqishi mumkin emas. Har bir xodim bilimli, kasbiy malakasi yuksak, madaniyatli, tashkilotchi, jonkuyar, halol, el-yurtiga va qasamyodiga sodiq boʻlishi kerak.
Ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolar, korxona, tashkilot va muassasalarning mansabdor shaxslari bilan munosabatlari huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda xulq-atvor, odob-axloq mezonlari Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksida belgilab qoʻyilgan.
Unda muomala madaniyatiga rioya etish ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy faoliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanishi, ichki ishlar organiga yoki aniq bir xodimga murojaat qilgan har qanday shaxs zudlik bilan qabul qilinishi va eʼtibor bilan tinglanishi shartligi, barcha darajadagi rahbarlar oʻz xodimlarini qoʻpollik va loqaydlikka nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalashlari, oʻzaro va fuqarolar bilan qoʻpol muomalada boʻlish holatlariga qatʼiy munosabat bildirishlari hamda xulq-atvor va muomala madaniyati bilan shaxsiy namuna koʻrsatishi zarurligi belgilangan.
Unutmaslik kerakki, osoyishtalik posboni ham, avvalo, xalqdan chiqqan oddiy inson. Shuning uchun oʻzini fuqarolardan ustun qoʻyishi, ularga nisbatan bepisand munosabatda boʻlishi yoki qoʻpollik qilishi, yolgʻon gapirishi yoxud boshqa asossiz bahonalar bilan ularni chalgʻitishi mumkin emas.
Shu bilan birga, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlar va muomala (haqorat qilishga) yoʻl qoʻyish, ularga nisbatan qonunga xilof ravishda jismoniy kuch ishlatish yoki shunday kuch ishlatish bilan qoʻrqitish, jismoniy shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqishdan boʻyin tovlash yoki koʻrib chiqishni asossiz rad etish hamda xizmat zarurati bilan ichki ishlar organlariga chaqirilgan (olib kelingan) shaxslarni asossiz kuttirib qoʻyish man etiladi.
Afsuski, guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, ayrim xodimlarimiz yurish-turishi, kiyinishi, oʻzini tutishi hamda salbiy axloqi bilan xizmat intizomini qoʻpol ravishda buzayotganligini kuzatishimiz mumkin.
Eng muhimi, xodimlarning asosiy vazifasi yot illatlarning yoʻlini toʻsish fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qadr-qimmatini, or-nomusini, davlat, va jamiyat manfaatlarini himoya qilish ekanligini aslo unutmasligi lozim.
Fuqarolar ichki ishlar organlari xodimidan fidoyilik, ishchanlik, aniqlik, jonkuyarlik, xushmuomalalik kabi fazilatlarni kutishadi. Tashabbuskor xodim ish boʻyicha keluvchilarga xotirjamlik, bosiqlik, vazminlik bilan aniq maslahatlar beradi.
Murojaat qilib kelgan fuqarolar bilan muomalada xodim dimogʻdorlik, manmanlik, qoʻpollik, gerdayish, kinoyali, dagʻal tarzda tanbeh berish, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi soʻzlar ishlatish, asoslanmagan ayblar qoʻyish, tahdid soluvchi hamda fuqarolarning qadr-qimmati va shaxsini tahqirlovchi boshqa xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi lozim.
Agarda huquqbuzar, xodim tomonidan berilgan tanbehga dagʻallik bilan javob qaytarsa, uni tinchlantirishi, oʻz harakatlarining noqonuniyligini tushuntirish paytida albatta tegishli qonunlar, qarorlar va boshqa meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya qilish zarurligini jurʼat bilan uqtirishi lozim.
Biror kishining hujjatini tekshirib koʻrish zaruriyati tugʻilganda, xodim uning oldiga kelib, qoʻlni bosh kiyimiga yaqinlashtirib salomlashishi, vaqtini olganligi uchun uzr soʻrashi va muloyimlik bilan murojaat qilishi lozim. Asabi buzilgan, qoʻrqqan, shoshilib qolgan odamlarga nisbatan koʻproq iltifotli boʻlish darkor, chunki taʼsirchan, asabiy kishilar, ayniqsa, ayollar va voyaga yetmaganlar uchun hujjat tekshirish holatining oʻzi ham qattiq taʼsirlanishga sabab boʻladi.
Maʼlumki, bugun biz globallashuv jarayonlari shiddat bilan tezlashayotgan, axborot texnologiyalari rivojlanayotgan asrda umrguzaronlik qilmoqdamiz. Shuni inobatga olgan holda, ichki ishlar organlari xodimlari obroʻsini poymol qilishga qaratilgan har xil igʻvogorona harakatlarning oldini olishda ham kasbiy madaniyat muhim ahamiyat kasb etishi begumondir.
Mamlakatimizning har bir fuqarosi ichki ishlar organlari xodimi timsolida oʻzining hayoti, sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmatini har qanday tajovuzlardan muhofaza qilishga va ogʻir damda yordam berishga tayyor boʻlgan himoyachisini koʻrishi hamda oʻzining xavfsizligi taʼminlanganligini his qilishi zarurligini hisobga olib, yuksak madaniyatli, muomalali boʻlish muhim ahamiyat kasb etishini
unutmaslik lozim.
Azizjon FAYZIYEV,
podpolkovnik.
