Bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlarida oʻz ichki siyosati va imkoniyatlariga koʻra bu illatga qarshi muntazam ravishda kurash olib borilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarbligi shundaki, aynan ushbu illatni yoʻq qilmasdan turib, qonun ustuvorligini toʻliq taʼminlab boʻlmaydi. Korrupsiyaning paydo boʻlishi kimningdir huquqi poymol boʻlishi, mamlakat rivojlanishiga salbiy taʼsir etishi, jamiyatni izdan chiqarishigacha olib kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning barcha sohalariga, jumladan, iqtisodiyotga, ijtimoiy sohaga va hattoki siyosatga ham oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatadi.
Har qaysi davlatning rivojlanishiga qarshi toʻsqinlik qilibgina qolmay, balki milliy xavfsizligiga ham jiddiy tahdid solishi mumkin.
Korrupsiya darajasi mamlakatning xalqaro maydondagi siyosiy va iqtisodiy obroʻsiga ham kuchli taʼsir koʻrsatib kelmoqda. BMT maʼlumotlariga koʻra, korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti har yili 2,6 trillion dollar yoʻqotmoqda.
Mamlakatimizda ushbu illatga qarshi kurashish masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish, ularning sabablari va sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlab, bartaraf etish maqsadida 2017-yilda «Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Ushbu yoʻnalishda samarali faoliyat olib boradigan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi alohida aks ettirildi.
«Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonunda «korrupsiya», «korrupsiya huquqbuzarliklari», «manfaatlar toʻqnashuvi» kabi tushunchalarga taʼrif berilgan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan.
Bu borada muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy
islohotlar amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tizimi takomillashtirildi.
Turli darajadagi mansabdor shaxslarning aholi bilan muloqotini taʼminlash, fuqarolarning dolzarb masalalar boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish imkoniyati quyi va oʻrta boʻgʻinlardagi korrupsiya hodisalarini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi.
Ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va ularning
ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorligini taʼminlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar koʻrildi, chunki ochiqlik va oshkoralik mavjud boʻlgan joyda korrupsionerlarga harakat qilish qiyinroq.
Uchinchidan, davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi tubdan isloh qilindi.
Aholiga 150 dan ortiq davlat xizmatlari qulay markazlashtirilgan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida koʻrsatilmoqda.
Toʻrtinchidan, soʻnggi yillarda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash mexanizmlari, shuningdek, jamoatchilik nazorati institutlari takomillashtirildi. Raqamli va onlayn texnologiyalardan keng foydalanish davlat organlarining jamoatchilik oldida hisobot berish darajasini oshirdi. Masalan, yer uchastkalari va davlat aktivlarini, shuningdek, avtotransport vositalari uchun davlat raqami belgilarini onlayn auksionlar orqali sotish tizimi yoʻlga qoʻyilib,
doimiy ravishda takomillashtirilmoqda.
Beshinchidan, Prezidentimizning tegishli qarori doirasida har bir vazirlik va davlat organi huzurida davlat tashkilotlari faoliyati ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini taʼminlashda muhim boʻgʻin hisoblangan jamoatchilik kengashlari tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh
Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida urgʻu berarkan, Oʻzbekistonda ushbu hodisaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarilgani, bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilingani, mustaqil tuzilma yaratilgani mamlakatimiz uchun bu yoʻlning ahamiyati butun dunyoga namoyon boʻlganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali moliyaviy, huquqiy va institutsional mexanizmlarini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar oʻz samarasini bermoqda. Lekin shuni taʼkidlash kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashish shunchaki bir necha yillik vazifa emas. Bu uzluksiz jarayon boʻlib, Oʻzbekiston hukumati oʻzi olib borayotgan korrupsiyaga qarshi islohotlarning ushbu sohadagi xalqaro standartlarga muvofiq muvaffaqiyatini taʼminlash uchun yangi qadamlarni qoʻyishga qatʼiy intilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga
oshirilayotgan ezgu ishlar xalqimiz roziligini qozonish, yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevorini barpo etish, yuksak taraqqiyot bosqichiga chiqish uchun muhim asos boʻladi.
Gʻayratulla SHUKUROV.
