Yangi Oʻzbekistonda oʻqituvchi va murabbiylarga hurmat koʻrsatish, ularga ijtimoiy imtiyozlar yaratish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, kelajak avlodni yetuk va bilimli insonlar etib tarbiyalashda oʻqituvchining oʻrni beqiyos.

Mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning mustaqil hayotga kirishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratil­moqda. Xususan, yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiya­lari sohasidagi savodxonligini oshirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish vazifalarini oʻz ichiga olgan beshta muhim tashab­bus amalga oshiril­moqda.

Bugungi kunda Oʻzbekis­ton jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallab, taʼlim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda ulkan gʻalabalarga erishmoqda. Bunda oʻqituv­chi va murabbiylarning xiz­matlari katta. Bu haqda gapirganda, beixtiyor buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiyning «Farzandlaringizga nafaqat bugun, balki kelajakda ham foydali boʻladigan bilimlarni bering­lar», degan soʻzlari yodga keladi.

Oʻqituvchining kasbi nihoyatda mashaqqatli boʻlib, yuzaga kelayotgan muam­molarni hal etishda aql bovar qilmaydigan kuch va ijodiy yondashuvni talab etadi. Shu bilan birga, bu doimo «zamonaviy» boʻlishga maj­bur qiladigan, yoshlik­ni uzoq yillarga kafolatlaydigan kasb. Buning sababi bolalar bilan muntazam muloqot qilishdir.

Oʻqituvchi mohir psixolog boʻlishi kerak, shundagina u bolani beixtiyor xafa qilmaydi, uning oʻz qobigʻiga kirib qolishiga yoʻl qoʻymaydi. Koʻpincha pedagog oʻz oʻquvchilarini ilhomlantirish, bilim choʻqqilarini zabt etish uchun izlanish va ularni toʻgʻri yechimlarga aylantirish maqsadida rejissyor va rassom boʻlishi lozim. Va nihoyat, oʻqituvchi oʻziga xos bogʻbon boʻlib, uning isteʼdodi va mahorati orqali bolalarning qalbi va ongida qanday urugʻlar yetishtirish hamda kelajakda qanday hosil berishini bilishi kerak. Bir masalda shunday deyil­gan: «Agar siz yil davomida odamlarga yaxshilik qil­moqchi boʻlsangiz bugʻdoy eking, oʻn yil davomida yaxshilik qilmoqchi boʻlsangiz ularga taʼlim bering». 

Fors mutafakkiri va shoiri Saʼdiy esa shunday degan: «Xohishsiz oʻqiyotgan shogird qanotsiz qushdir». Bu soʻzlar bugungi kunda ham dolzarb. Jamiyatning buguni va kelajagi, madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy salohiyati taʼlim tizimining rivojlanish darajasi bilan belgilanadi. Taʼlim tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati koʻp jihatdan oʻqituvchi va murabbiylar­ning fidokorona mehnatiga bogʻliq ekanini barchamiz yaxshi bilamiz.

Yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli bugungi Oʻzbekis­ton yoshlari turli sohalarda oʻz bilim va salohiyatini yorqin namoyon etib, Vatanimizni butun dunyoda ulugʻlamoqda.

Asrlar davomida insoniyat faqat bilim va maʼrifat orqali gullab-yashnashi mumkinligi isbotlangan. Shunday ekan, oʻqituvchilik hamma vaqt eng ulugʻ va hurmatli kasblardan biri boʻlib qoladi. 


Gʻayratulla Shukurov,

oʻz muxbirimiz.