Soat 20:00. Tuman IIOFMBda shaxsiy tarkibning navbatdagi xizmatoldi yoʻriqnomasida «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasi doirasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi. Yoʻriqnoma yakunlangach, har bir sohaviy xizmat xodimlari oʻzlari­ga biriktirilgan hududlarga safarbar etildi, biz esa tungi xizmatning qaynoq jarayonlarini kuzatish uchun ularga hamrohlik qildik.

Har bir hududiy IIB boshliqlarining tungi xizmat boʻyicha oʻrinbosarlari tomonidan jarayonning borishi qatʼiy nazoratga olingan.

Ilk manzilimiz – «Mehrjon» va «Botirma» mahallalarini bogʻlab turuvchi, Al-Xoraz­miy koʻchasida joylashgan sayilgoh boʻldi. Tun-u kun – 24 soat davomida faoliyat yurituvchi ushbu gast­ronomik koʻcha aholi bilan gavjum.

Sayilgoh boʻylab yurarkansiz, tungi salqin havo, chiroqlar nurida jilolanayotgan favvoralarning shildirashi koʻnglingizga oʻzgacha huzur bagʻishlaydi. Odamlar yuzidagi xotirjamlik, osuda muhit va sayilgohdagi tartib-intizom eʼtiboringizni tortadi.

4-sonli IIB boshligʻining tungi xizmatni tashkil etish boʻyicha oʻrinbosari, mayor Shuhrat Yangiboyev hamrohligida aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun yaratilgan sharoitlar, koʻrilayotgan xavfsizlik choralari bilan tanishdik.

– Bu yerda ikkita zamo­naviy favvora, yirik savdo markazi, bolalar maydonchasi va koʻplab sav­do shoxobchalari aholi ixti­yorida, – deydi ma­yor 

Sh. Yangiboyev. – Xavfsizlik­ni 

taʼminlash maqsadida sayil­goh toʻliq videokuzatuv kameralari va tezkor aloqa vositalari – «tashvish tugma­lari» bilan jihozlangan. Hududda Patrul-post xizmati avto va piyoda pat­rullik yoʻnalishlari, profilaktika inspektorlari hamda qoʻriqlash xiz­matining tezkor guruhlari doimiy hamkorlikda xizmat olib boradi.

Sayilgohda hordiq chiqarayotgan fuqarolarning kayfiyati bilan qiziqib, ulardan birini suhbatga tortdik. 

– Gastronomik koʻcha­ning ochilishi biz uchun zoʻr sovgʻa boʻldi, – deydi «Botirma» 

mahallasida istiqomat qiluvchi Dilafroʻz Hafizova. – Ochigʻi, ilgari kechki payt sayr qilishga biroz ikkilanardik. Hozir esa bu yer­dagi ajoyib manzarani koʻrib, bahri dilingiz ochiladi. Farzandlarimiz bolalar maydonchasida vaqtini chogʻ oʻtka­z­sa, biz doʻkonlarda bemalol xaridlarni amalga oshiramiz. Eng muhimi, barcha xavfsiz­lik choralari taʼminlangan, oʻzimizni xotirjam his qilamiz. 

Kuzatuvlarimiz hududdagi osoyishtalik oʻz-oʻzidan boʻlmayotganini, balki masʼuliyatli xizmat mahsuli ekanini koʻrsatdi. Navbatdagi manzilda «Mehrjon» mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Sardor Sobirjonovning hushyorligiga guvoh boʻldik. U jamoat joyida oʻzini boshqara olmaydigan darajada mast holda boʻlgan fuqaroni toʻxtatdi. 

Bunday holat nafaqat jamoat tartibini buzishi, balki fuqaroning hayoti va sogʻligʻi uchun ham xavf tugʻdirishi mumkin. Shu sababli, xodim tomonidan tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirildi va ushbu shaxs tibbiy yordam koʻrsatish uchun shifo­xonaga joylashtirildi.

Tun yarmidan oqqanida biz tezkor guruh bilan birga «Beshqoʻrgʻon» mahallasi tomon yoʻl oldik. Soat millari tungi 01:48 ni koʻrsatganida, xonadonlarning birida shovqin va notinchlik boʻlayotgani haqida murojaat kelib tushgan edi. 

Voqea joyiga birinchilardan boʻlib yetib borgan katta leytenant Jaloliddin Mamatqulov vaziyatni zudlik bilan nazoratga oldi. Fuqarolarning tungi osoyishtali­gini buzgan shaxsga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan huquqiy chora koʻrildi.

Jarayon davomida tuman IIOFMB JTSB PPX 1-otryad xodimlarining xizmat faoliyati bilan ham tanishdik. Otryad komandirining oʻrinbosari, kapitan Oybek Salayevning maʼlum qilishicha, birgina shu tun davomida shaxsiy tarkib tomonidan 31 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan. Bundan tashqari, 33 ta profilaktik suhbat oʻtkazilib, 28 ta maktab va maktabgacha taʼlim tashkiloti atrof hududlari koʻzdan kechirildi. Shuningdek, shubhali deb topilgan 110 nafar shaxs xiz­mat plansheti orqali tekshirilib, ular bilan tushuntirish ishlari olib borildi.

Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi 4-batalyoni xodimlari – kichik serjantlar Furqat Xolmoʻmi­nov, Azamat Alimov va safdor Mirfozil Nosirov bilan xizmat vazifasini oʻtash jarayonida suhbatlashdik. Aytish joizki, ushbu xodimlarning hush­yorligi tufayli bir nechta jiddiy qoidabuzarliklar fosh etildi. Jumladan, ikki holatda haydovchilar tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqargani, yana bir holatda transport vositasi oʻzboshimchalik bilan qayta jihozlangani aniqlandi. Yana bir vaziyatda esa haydovchi xodimning qonuniy talablari­ga boʻysunmaslikka harakat qilgan, biroq unga nisbatan qonun ustuvorligi taʼminlangan.

Siz-u biz uyimizda, oila davrasida xotirjamlikdan bahra olayotgan, osuda uyquga ketgan bir paytda ichki ishlar organlari xodimlarining bedorlik bilan oʻtayotgan xiz­mat faoliyati tufayli tinchlik va osoyishtalik taʼminlanmoqda. 

...Tungi xizmat nihoyasiga yetdi, ammo osoyishtalik posbonlari uchun «dam olish» tushunchasi nisbiy. Zotan, tun oʻrnini kun egallaydi, xavfsizlikni taʼminlash zanjiri bir lahza boʻlsin uzilmaydi. 


Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.

Ikrom Hasanov 

olgan suratlar.

Toshkent shahri.