Uyim Boyovut tumani markazidan unchalik uzoq emas. Baʼzan kechki payt ishdan qaytayotib anhor boʻyidagi charo­gʻon yoʻlakdan yayov qaytishni yoqtiraman. Yoʻl-yoʻlakay tanishlarim, mahalladoshlarimga duch kelaman. Ularning bolajonlari velosipedlarda uchib yurganini koʻraman, doʻst-yoronlarni oʻzaro gurunglashib turgan holda uchrataman. Odamlarning bunday baxtga toʻliq, tinch-osuda hayotidan juda mamnun boʻlaman. Lekin ular xotirjam, bexavotir gurunglashib turgan bir paytda sal narida PPX xodimi ana shu osoyishtalikni taʼminlash uchun hushyorlik bilan xizmat oʻtayotganini xayoliga ham keltirishmaydi. Chorrahada YPX inspektori harakatni tartibga solayotganini oʻylab koʻrishmaydi. Mabodo, xodimlarga koʻzi tushsa nima qipti? Bu ularning burchi-ku, 

– deb beparvo oʻtib ketishadi. 

Yaqinda Xalq deputatlari Boyovut tumani kengashida jinoyatchilikka qarshi kurashish holati tahlil qilindi. Unda tuman IIB masʼullari huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlarni atroflicha tahlil qilib berishdi. Jumladan, giyohvandlik, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik, oʻgʻrilik, firibgarlik kabi jinoyatlarga qarshi oʻnlab targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan. Shunga qaramasdan, ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etish holatlari toʻxtamagan. Nega? Tahlil natijalari koʻpchilik qatori, meni ham oʻylantirib qoʻydi. Demak, jinoyatchilikka qarshi kurashishda faqatgina targʻibot tadbirlarining oʻzi yetarli emas ekan-da?

Mahallalarda aholini tar­­gʻi­bot tadbiriga jalb qilishning oʻzi bir mashaqqat. Boisi, koʻpchilik bunday tadbirlarda qatnashishdan koʻra tirikchilik bilan shugʻullanishni afzal bilishadi. Biror huquqbuzarlikka guvoh boʻlgan shaxsdan nega bu haqda ichki ishlar organiga xabar bermading, deb soʻralsa, buni chaqimchilik deb hisoblashini aytadi. Shundan keyin yana jinoyatchilik nega kamaymayapti deb hayron boʻlishadi.

Salkam oʻttiz yillik el orasidagi xizmatimdan kelib chiqqan holda, huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish mumkin deb hisoblayman. Buning uchun ijtimoiy profilaktika bilan birgalikda odamlarning 

ong-u tafakkurida huquqiy immunitetni shakllantirish, jinoyatchilikka murosasizlikni milliy mentalitetning ajralmas qismiga aylantirish, maʼnaviy qadriyatlarimizni yanada kuchaytirish taqozo etiladi. 

Huquqiy immunitet, eng avvalo, oʻzgalar huquqlarini hurmat qilish madaniyatidir. Bu bemorning joniga ora kirish uchun ketayotgan «Tez tibbiy yordam» mashinasiga yoʻl berish, xotiniga zoʻravonlik qilayotgan erkakni bu yoʻldan qaytarish, yosh oʻgʻloni bezorilik qilganidan uyalib, boshini koʻtara olmaslik, oʻz goʻdagini sotayotgan betamiz ayolga sharoit yaratib bermaslik degani. Shundagina biz huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oʻz hissamizni qoʻshgan boʻlamiz. 


Husnora BERDIYOROVA,

Xalq deputatlari Boyovut tumani kengashi kotibiyat mudiri.