Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar – Dilmurod, Elmurod va Xolmurod Islomovlar doiraning shu sehrli sadosiga umrini bagʻishlagan sanʼatkorlar sifatida el hurmati va mehriga sazovor boʻlishgan. Bugungi suhbatdoshimiz – «Doʻstlik» va «Mehnat shuhrati» ordenlari sohibi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining «Bek» milliy doirachilar guruhi rahbari Elmurod Islomov.
– Elmurod aka, keling, suhbatni bolalik xotiralaringizdan boshlasak...
– Bolalikdagi hovlimiz poytaxtimizning «Ishchilar shaharchasi»da joylashgan edi. Otamdan erta yetim qolganman. Ularning vafotidan keyin oilaning masʼuliyati mushtipar onajonim yelkalariga tushadi. Yolgʻiz boshlari bilan besh qiz va uch oʻgʻilni oddiy farroshning maoshi bilan katta qilish oson boʻlmagan. Onamning qiynalayotganlarini koʻrib akalarim, opalarim hammamiz birga tozalash ishlariga yordamlashgani borgan paytlarimiz koʻp boʻlgan.
Bolaligimizda ochlikniyam, yoʻqchilikniyam koʻrdik. Opalarimning aytishicha, tomga chiqib: «Non yeyman, no-on», – deb baqirarkanman. Ular esa qoʻshnilar eshitmasin, deb xijolat boʻlisharkan.
Shayxontohur tumanidagi 20-maktabda oʻqiganman. U davrlarda kam taʼminlangan oilalar farzandlariga maktabdan kiyim-kechak berilardi. Oʻsha roʻyxatda men ham bor edim. Olishga istihola qilardim, lekin ilojsiz edim...
– Sanʼatga boʻlgan mehringiz qanday uygʻongan?
– Mahallamizda doirachilar, taniqli sanʼatkorlar koʻp edi. Birinchi boʻlib rahmatli Dilmurod akamda doira chalishga qiziqish va mehr uygʻondi. Biroq doira sotib olishga na pul, na sharoit bor edi. Akam esa har kuni onamdan doira olib berishni soʻrab yalinardi.
Uyimiz ikki xonadan iborat edi. Hovlining bir burchagida esa yana bir xonalik kichkina uy boʻlib, onam uni ijaraga bergan edilar. Ijarachi oyiga 15 soʻm toʻlardi. Bir kuni Dilmurod akamning yigʻi-sigʻisiga toqat qilolmagan onam 11 soʻmga doira olib berdilar, qolgan 4 soʻmni esa bir oylik roʻzgʻor uchun saqlab qoʻydilar.
Doira olingan kun uyimizda haqiqiy bayram boʻldi. Dilmurod akam uni nihoyatda avaylardi. Uning yoʻgʻida Xolmurod akam bilan ikkimiz doira chalardik. Shu tariqa uch aka-uka doira shinavandasiga aylanib qoldik.
– Ustozlaringizni ham eslasak...
– Yetti yoshimdayoq Toʻychi Inogʻomovga shogird boʻldim. Keyinchalik Gʻofur Azimov, Anvar Ahrorov kabi koʻplab ustozlardan saboq oldim. Ularning taʼlimi va tarbiyasi tufayli bugungi darajaga yetishdim. Taqdir taqozosi bilan Toʻychi Inogʻomov pensiyaga chiqqan paytlarda men doira toʻgaragi rahbari boʻldim.
Ilk saboqlarni rahmatli akam Dilmurod Islomov bergan. Toʻgarakka olib borgan ham shu akam boʻlgan. U kishidan bir umr minnatdorman. Dilmurod akam «Oʻzbekiston doirachilari» jamoat birlashmasi raisi, «Zarb» koʻrik-tanlovi va Doirachilar festivali asoschisi boʻlgan. Shuningdek, bir qator ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar va maqolalar muallifi sifatida ham tanilgan.
– Doira chalishning ham oʻz sir-asrorlari, mashaqqati boʻlsa kerak?
– Albatta, doirani shunchaki chertib boʻlmaydi, uni his qilish kerak. Har bir zarb yurakdan chiqishi, kuch va zavq bilan uygʻunlashishi lozim. Afsuski, bugun doiraning asl taʼsirini his etmaydigan oddiy shinavandalar ham uchrab turadi. Yoshligimda soatlab mashq qilardim. Uzoq doira chalganimdan, barmoqlarim yorilardi, qadoq boʻlib ketardi. Lekin sanʼatga mehr kuchli boʻlsa, inson bu ogʻriqlarni ham his qilmay qoʻyadi. Barmoqlar qizigach, ogʻriq unutilardi. Agar biroz tanaffus qilib, yana chalishga toʻgʻri kelsa, oʻsha ogʻriq qayta boshlanardi. Tomoshabin buni sezmaydi, sanʼatkor esa ana shu qiyinchiliklarda pishadi, irodasi toblanadi.
– Doim qoʻlingizdan tushmaydigan, siz bilan yillar davomida sahnadosh boʻlib kelayotgan mashhur doira haqida ham koʻp eshitamiz.
– Bu doira men uchun oddiy cholgʻu asbobi emas, u goʻyo butun umrim, xotiralarim va ustozlarim ruhini oʻzida saqlab kelayotgan qadrli yodgorlikdek. Uning tarixi yuz yildan ham oshadi. Bu doirani menga ustozim Dadaxoʻja Sottixoʻjayev sovgʻa qilgan. U kishi umr boʻyi maqom ansamblida faoliyat yuritgan. Aytishlaricha, juda koʻp insonlar ustozimdan shu doirani soʻrashgan, ammo u kishi faqat menga sovgʻa qilishni maʼqul koʻrgan. Qizigʻi shundaki, doirani qabul qilib olganimdan keyin, koʻp oʻtmay 27 yoshimda «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist» unvoni bilan taqdirlanganman.
Men bu doirani koʻp sinab koʻrganman. Oʻnlab doiralar orasida ham uning sadosini darhol tanish mumkin. Uning navosida qandaydir sir, sehr bor.
– Sanʼat yoʻlidagi omadli burilishlaringizdan biri «Bahor» ansambli bilan bogʻliq boʻlgan ekan. Oʻsha davr xotiralari haqida soʻzlab bersangiz?
– 1976-yili, hali 16 yoshimdayoq Oʻzbekiston davlat filarmoniyasiga ishga kirganman. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, 1977-yilda meni «Bahor» ansambliga chaqirishdi. Mukarrama opaning oʻzlari meni ishga olganlar. Shundan keyin xorijiy davlatlarga ijodiy safarlarga chiqa boshladik. Oʻsha paytlar biz uchun har bir safar katta maktab, katta hayot sabogʻi edi. Chet el sahnalarida oʻzbek sanʼatini namoyish qilish, xalqimizning madaniyati va milliy ohanglarini dunyoga tanitish biz uchun yuksak masʼuliyat boʻlgan.
18 yoshimda uch aka-uka Islomovlar Butunjahon yoshlar festivali laureati boʻlganmiz. Bu nafaqat bizning oilamiz, balki oʻzbek sanʼati uchun ham katta yutuq edi. Oʻsha paytlarda milliy doira sadolarining xalqaro sahnada yangrashi, xorijlik tomoshabinlarning hayrati va olqishi bizga cheksiz kuch va ilhom bergan. Shunda bir narsani chuqur anglaganman – sanʼatning tili, millati boʻlmaskan. Samimiy ijro va yurakdan chiqqan ohangni dunyoning istalgan nuqtasida tushunishar ekan.
– Sizni koʻpchilik qattiqqoʻl ustoz sifatida taʼriflashadi…
– Inkor qilmayman, lekin qattiqqoʻllik faqat repetitsiya va dars jarayonida boʻladi. Ishdan tashqari esa shogirdlarim bilan aka-ukadek, samimiy munosabatdamiz. Chunki sanʼat tartib-intizomni talab qiladi. Uch mingdan ortiq shogirdlar tarbiyaladim, ular orasida qoʻshni mamlakatdan ham kelib oʻrganganlari bor.
– Bugungi kunda milliy musiqa va madaniyatimizga gʻarbona musiqa taʼsiri kuchayib borayotgani haqida turli fikrlar aytilmoqda. Siz bu jarayonga qanday qaraysiz?
– Milliy musiqa, oʻzbekona yoʻldan chekinish mumkin emas, chunki har qanday sanʼat avvalo, oʻz ildiziga tayanadi. Ildizdan uzilgan sanʼat baribir kuchsiz boʻlib qoladi. Baʼzilar gʻarbona musiqa asboblaridan ham koʻp foydalanishadi. Uch aka-uka Islomovlar turli cholgʻularda ozarbayjoncha, hindcha, turkcha va boshqa uslublarda ijro etganmiz. Bu koʻproq doʻstlik dasturlari, ijodiy chiqishlar doirasida boʻlgan. Lekin konsertni baribir doira sadosi bilan boshlab, shu bilan yakunlardik.
– Ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatiga qanday munosabatdasiz?
– Men bu soha vakillarini hurmat qilaman. Chunki ularni jamiyat tartib- osoyishtaligi uchun xizmat qiladigan masʼul insonlar. Har qanday haydovchi hujjatlari toʻliq, xavfsizlik kamari taqilgan boʻlsa ham, yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimi toʻxtatganda, tabiiyki, biroz hayajon paydo boʻladi. Bu mazkur kasbning salobati va masʼuliyatidan, deb oʻylayman. Har bir xodim oʻz burchiga sadoqat bilan yondashishini, xalqimizning hurmatiga sazovor boʻlishini tilayman.
– Bu yil istiqlolimizning 35-yilligi nishonlanadi. Bayram arafasi koʻnglingizdan qanday hissiyotlar kechyapti?
– 1984-yillari Afrika davlatlarida gastrol safarida yurgan paytlarim hech yodimdan chiqmaydi. Bir kuni mehmonxonadan koʻchaga chiqqanman. Kutilmaganda atrofni oʻq ovozlari tutdi, hammayoq sarosima. Bir doʻkonchi meni darhol ichkariga tortib, peshtaxta ostiga yashirdi. Qalbimni qoʻrquv chulgʻagan. Oʻsha daqiqalarda inson uchun tinchlikdan ulugʻ neʼmat yoʻqligini anglaganman, Vatan degan tushunchaning naqadar muqaddas ekanini his qilganman. Tinch yurtning, osoyishta kunlarning qadriga yetish kerak. Ilohim, vatanimiz tinch, osmonimiz doim musaffo boʻlsin!
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Adolat FAYZIYeVA suhbatlashdi.
Abu KENJAYeV olgan surat.
