Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan IIV akademiyasida “Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari” mavzuida tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda soʻz olgan Oliy Majlis Senati aʼzosi Malika Qodirxonova mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida xotin-qizlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangani, davlat va jamiyat hayotida xotin-qizlarning oʻrni, ular uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ilm-maʼrifatli, faol va tashabbuskor ayollar erishayotgan yutuqlarni alohida taʼkidladi.
Xususan, bugunga kelib xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foiz, tadbirkorlik sohasida 45 foiz, siyosiy partiyalar safida esa 49 foizga yetgani qayd etildi. Shundan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat aʼzolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda. Keyingi yillarda vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan ayollar ulushi salkam 3 barobarga oshgan. Bundan tashqari, soʻnggi 7 yil ichida 5,2 ming nafar ayol fan doktori (DSc) va oʻz sohalari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan.
Ochiq muloqot ruhida oʻtgan tadbirda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, oila institutini mustahkamlash, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar eʼtirof qilindi.
Tadbirda sud-huquq tizimi, qonun ijodkorligi, taʼlim va boshqa sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar soʻz olib, oʻz fikr-mulohazalari, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish yoʻlida olib borayotgan faoliyatlari, istiqboldagi rejalari bilan oʻrtoqlashdilar.
