Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tasarrufidagi Markaziy tergov hibsxonasida yangi va zamonaviy tartibot binosi foydalanishga topshirildi.

Tadbirda Ichki ishlar vaziri general-leytenant  A.Tashpulatov hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Dastlab muassasada yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishilib, mazkur muassasa inson qadrini ulugʻlash va xalqaro huquq normalariga mos holda faoliyat yuritish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri ekani taʼkidlandi.

Markaziy tergov hibsxonasida yaratilgan shart-sharoitlar, xavfsizlik choralari va huquqiy kafolatlar bu maskanda sud hukmi chiqqunga qadar tergov ostidagi shaxslarni qonunchilik talablari asosida saqlashga xizmat qiladi.

Himoya huquqini taʼminlash va tergov jarayonlarini tezlashtirish maqsadida, majmuada advokatlar xonalari koʻpaytirilib, ularning soni 50 taga yetkazildi. Tergov xonalari esa, 6 tadan 25 taga oshirildi. 

Yangi hibsxona faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion yechimlar asosida, hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalari soni 14 tadan 36 taga yetkazilib, ortiqcha tirbandlik va kutishlarga chek qoʻyildi. 

«E-Mahkum» axborot platformasi hamda «Qalʼa» intellektual monitoring platformasi yagona tizimga birlashtirilib, 25 ta tashkilot bilan axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi hamda sud va tergov organlari bilan yozishmalar toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi.

Muassasaning nazorat-oʻtkazish tizimi toʻliq avtomatlashtirilib, fuqarolar, xodimlar va advokatlar uchun alohida kirish-chiqish yoʻlaklari tashkil etilishi oqibatida sunʼiy navbatlar muammosi hal etildi.

Shuningdek, tashrif davomida ishtirokchilarga muassasa hududida tashkil etilgan sayilgoh, mahkumlar ehtiyojlari uchun joriy qilingan «Raqamli doʻkon», «M-billing» hamda «Videouchrashuv» tizimlarining ishlash mexanizmi haqida ham batafsil maʼlumot berildi. 

Yangi Markaziy tergov hibsxonasi jazoni ijro etish tizimini yanada takomillashtirish yoʻlidagi muhim qadamdir.


Feruz YOʻLDOSHOV,

oʻz muxbirimiz.