Tumanning «Tortuvli» mahallasida yashovchi lavhamiz qahramoni imkoniyati cheklangan boʻlsada, uyda oʻtirib qolmadi. Qoʻllariga tayanib, olgʻa intildi. U bolaligidanoq texnikaga, ayniqsa, elektrotexnikaga qiziqardi. Radio, chiroq yoki biror elektr jihozi buzilsa, uni darrov ochib koʻrib, tuzatishga urinardi. Vaqt oʻtishi bilan bu qiziqish kasbga aylandi. Bilimdan tajribasi, tajribadan mahorati oshib, mohir ustaga aylangach, ustaxonasiga elektrotexnika buyumlarini tuzatib bering, deb keluvchi odamlar koʻpaydi. Mana 20 yildirki u qishloqdoshlarining buzilgan radiosi, televizori, changyutkichi yoki dazmoli bormi – hammasini tuzatib beradi. Nosoz buyumlarga yana hayot bagʻishlaydi. 

Biz ham uning moʻjazgina ustaxonasida boʻlib, ish jarayonini kuzatdik. Bir talay taʼmirtalab eski radio, televizor va boshqa buyumlar bor. Muzaffar ularning har birini diqqat bilan koʻrib, «kasali»ni topishga urinardi. Tuzalganlarini olib qaytayotgan mijozlar esa rahmat aytib, 

kulib xayrlashardi.  

Muzaffar mahalladagi yoshlarga ham hunarini oʻrgatyapti. Ular bilan suhbatlashib, qiziqqan savollariga javob beradi. Taʼmirlash sir-asrorlarini erinmay tushuntiradi. Aziz Shoniyozov tumandagi 35-umumtaʼlim maktabining 6-sinfida tahsil oladi. U ham boʻsh vaqti boʻldi deguncha, Muzaffar Safarovning chogʻroqqina ustaxonasiga oshiqadi. 

– Yura olmasam-da, taqdirimdan nolimayman. Shukrki, aqlim va zehnim bor. Qoʻllarim ishlaydi. Muhimi, odamlar menga ishonishadi. Shu bois, oʻzimni hayotdan chetda qolgandek his qilmayman. Shuning oʻzi men uchun katta baxt, – deydi qahramonimiz. – Albatta, hayotimda qiyin kunlar ham boʻlgan. Ammo men har doim ularni yengib oʻtdim va oʻtyapman. Qachonki insonda kuchli iroda va aniq maqsad boʻlsa, ishdan, mashaqqatli mehnatdan qochmasa, u har qanday toʻsiqni yengib oʻta oladi.

 Muzaffar turmush oʻrtogʻi Zarnigor bilan 2 nafar farzandni ulgʻaytirishyapti. Uydagi dehqonchilik va chorvachilik yumushlarini bajarishda ayoli yaqindan yordamchi. Birgalikdagi mehnatlari, davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi natijasida har oy boʻlib toʻlash sharti bilan kredit asosida namunali uylardan birini xarid qilishdi. 

Imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, irodasi cheklanmagan Muzaffar Safarov kabi insonlarning maqsad sari intilishi, orzu-umidlari roʻyobi yoʻlida kurashi koʻpchilik uchun ilhom manbayi, desak, sira mubolagʻa boʻlmaydi. Uning matonatli mehnati davlatimiz tomonidan munosib qoʻllab-quvvatlanib, 2025-yilda Prezidentimiz farmoniga muvofiq «Jasorat» medali bilan taqdirlandi.


Umida MAMADALIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.