Forish tumani 1935-yil Samarqand viloyati tarkibida Bogʻdon nomi bilan tashkil etilgan. 1962-yilda Nurota va Jizzax tumanlariga qoʻshib yuborilgan. Sirdaryo viloyati tuzilgach, 1964-yil tuman Forish nomi bilan qayta tashkil qilinadi. 1974-yilda esa Jizzax viloyati tashkil etilib, Forish uning tarkibiga kiritiladi.
Shimol va shimoli-sharqdan Qozogʻiston, sharqdan Jizzax, Zafarobod, Arnasoy, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari, janubdan Gʻallaorol tumani, gʻarbdan Samarqand va Navoiy viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni 9,53 ming km kv boʻlib, viloyat umumiy maydonining 48 foizini egallaydi. Aholisi 99 ming kishidan koʻp.
Relyefi pasttekislik, qir, adirlar hamda Nurota, Baliqlitov, Pistalitogʻ, Yetimtogʻ, Qoʻytosh kabi togʻ va tizmalardan iborat. Nurotaning eng baland choʻqqisi – Hayotboshi dengiz sathidan 2169 metr balandda.
Qadimiy suv inshootlaridan biri «Xonbandi» toʻgʻonidir. Toʻliq granit toshlardan tarkib topgan toʻgʻon tuman markazi shimolida, Pistali togʻi oraligʻida Osmonsoy, Ilonchi, Yomchi, Oʻrtaqishloq, Yotoq singari togʻli qishloqlar tevaragidagi daralardan oquvchi suvlarni jamgʻarish va yozda ekinlarni sugʻorish maqsadida bunyod etilgan. Eni 200 metr, uzunligi 1,5 kilometr boʻlgan suv omborida bir vaqtlar 1 million 600 metr kub suv toʻplangan. XVI asrda Shayboniylar sulolasining mashhur vakili Abdullaxon II ning buyrugʻi asosida qurilgan inshoot suv kamayishi ortidan keyinchalik oʻz ahamiyatini yoʻqotgan.
Yetimtogʻ etaklarida miloddan avvalgi davrga tegishli qabrlar topilgan. Qolaversa, tuman hududida qadim qoʻrgʻon qoldiqlari va qoyalarga chizilgan suratlarni koʻrishingiz mumkin. Mojrum qishlogʻida esa 2 ming yillik archa bor. Ushbu daraxt tanasining diametri
8 metr, boʻyi 20 metrdan oshadi.
Maydoni 17 ming gektardan oshadigan «Nurota» qoʻriqxonasida 196 turdagi qushlar yashaydi,
814 turdagi oʻsimliklar oʻsadi. Eʼtiborlisi, qoʻriqxonani 1,5 mingdan ziyod olqorlar makon tutgan.
Forishning katta qismini egallagan Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi 1969-yilda yogʻingarchilikning haddan ziyod kuchayishi ortidan aholi punktlarini suv bosishining oldini olish uchun «Chordara» suv ombori suvlarining yaylovlarga oqizilishi natijasida yuzaga kelgan.
Hududda yuzdan ziyod suv qushlari qoʻnim topgan. Bu qushlarning 13 turi xalqaro, 24 tasi mamlakatimiz qizil kitobiga kiritilgan. Shuningdek, havzada 20 dan ortiq turda baliqlar mavjud.
Forishda ohaktosh, marmar va bazaltning yirik konlari mavjud. Uchquloch konidan temir, rux, qoʻrgʻoshin olish imkoni bor. Mazkur yerosti boyliklari tumanda ohak, sement hamda bazalt tolali mahsulotlarini keng koʻlamda ishlab chiqarishda qoʻl kelayotir.
Aytgancha, forishliklar orasida Amir Temur tumandagi qishloqlardan birini Fransiya poytaxtiga mengzab Parij, deya ataganiga oid afsona yuradi. Keyinchalik ana shu nom qishloqdan tumanga koʻchgan ekan. Bu talqin qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini aytish qiyin.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
