Shu oʻrinda marhum xodim haqida ikki ogʻiz toʻxtalib oʻtsak: u 1987-yili Samarqand tumanida dunyoga kelgan. 2008-yilda xizmat faoliyatini oddiy otryad militsioneri sifatida boshlagan. 2010-yilda IIV Akademiyasiga qabul qilinishi uning kasbiy faoliyatida yangi bosqich boʻldi. Akademiyada tinglovchi boʻlgan yillardayoq u oʻzining bilimga chanqoqligi bilan ustozlari va xizmatdoshlarining eʼtiborini qozondi. Oʻz mehnati, intizomi, masʼuliyati bilan ajralib turdi.

2014-yildan hayotining soʻngiga qadar ekspert-kriminalistika yoʻnalishida xizmat qildi. Uning noyob qobiliyati va ishga sidqidildan yondashuvi koʻplab ogʻir jinoyatlarni «issiq izida» fosh qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. 

U berilgan har bir vazifani yuqori masʼuliyat bilan bajarib, nafaqat tergov-surishtiruv sohasida tajribasi va bilimlarini amaliyotda namoyon etgan, balki yosh kadrlarni tayyorlash, ularga zamonaviy kriminalistika usullarini oʻrgatish yoʻlida ham samarali faoliyat olib borgan. Yarim yil mobaynida sodir etilgan turli darajadagi jinoyatlar yuzasidan 300 dan ortiq qoʻl-barmoq izlarini voqea joyidan olib, ular asosida jinoyatlarni fosh etish samaradorligi 90,5 foizni tashkil etgan. Shu misolning oʻziyoq uning yuqori kasbiy mahorat va bilimga ega mutaxassis ekanligidan dalolat beradi. Faoliyati davomida birgina tuman doirasida 200 dan ziyod tergov harakatlarida shaxsan ishtirok etgan. Shu bilan birga, u tomonidan tayyorlangan 34 ta kriminalistik ekspertiza va 93 ta maxsus kriminalistik tadqiqot huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etishni samarali tashkil etishida muhim oʻrin tutgan.

Marhum Muzaffar Azzamov oʻz bilim va tajribasini boshqalarga ham yetkazishga intilib, kriminalistika sohasidagi ilgʻor ilmiy usul va texnik vositalardan samarali foydalanish boʻyicha 350 dan ortiq yosh xodimlar uchun oʻquv-seminarlar oʻtkazishga ulgurgan. 

— U shogirdlariga nafaqat nazariy bilim, balki amaliyotda zarur boʻladigan hayotiy tajribani ham meros sifatida qoldirdi. Fidoyi xodimimiz oʻz kasbini xizmat sifatidagina emas, yurtga boʻlgan sadoqatning ifodasi sifatida ham koʻrardi. Shu bois, har bir ishga vijdon bilan yondashar, adolat gʻoyasini eng yuksak qadriyat deb bilardi, — deydi Samarqand viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi boshligʻi, polkovnik Maxsud Qurbonov.

Uning mehnatlari eʼtibordan chetda qolmay, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan bir necha bor taqdirlangan. 

Oʻz ishining mohir ustasi boʻlgan xodim bir qiz hamda ikki oʻgʻilning otasi edi. U uyidan sogʻ-salomat xizmatga otlangan, orzulari bir olam edi. Taassufki, mudhish voqea sabab qaytib kelmagan otasini endi farzandlari koʻzlari bilan qidiradi. Taqdirning turfa sinovlari qarshisida qolgan uning oilasi davlatimiz va xizmatdoshlarining doimiy eʼtiborida boʻladi. 

Muzaffar Azzamovning yurt tinchligi yoʻlidagi namunali hayoti kelgusi avlodlar uchun ibrat maktabi boʻlsa, ajab emas.

Abror POYONOV,

maxsus muxbir.