Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz koinotni zabt etish ishlariga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan. Bu ishlar sobiq ittifoq davrida boshlangan. Bunda Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasining oʻrnini alohida aytib oʻtish zarur. 1977-yildan 1987-yilgacha zavodda kosmonavtlarni vaznsizlik sharoitida sinash uchun bir nechta «IL-76 MDK» rusumli samolyot-laboratoriyalari qurildi. Ushbu samolyotlarda yuzdan ortiq ittifoq va xorij kosmonavtlari tayyorlandi.
1969-yilda Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi (ToshMKB) tashkil etilgan. Byuro Oy va Venerani tadqiq qilish, kosmik uskunalarni, jumladan, diametri 30 metrgacha boʻlgan antennalarni yaratish, tayyorlash, tekshirish, toʻliq oʻlchamli shtat namunalarini yigʻish va ishlash uchun asboblar va apparatlar ishlab chiqdi. Byuro oldiga Oy bazalarini loyihalash, Oy tuproq jinslaridan kislorod va suv olish uchun qurilmalar yaratish vazifasi qoʻyildi.
Mutaxassislar Oy tuprogʻini burgʻulash va Yerga yetkazish uchun qurilmalar yaratishdi. Toshkentda ishlab chiqilgan tuproq olish moslamasi «Luna-24» kosmik apparatiga oʻrnatildi. 1976-yilda u Oyda chuqurligi 2 metrdan ortiq boʻlgan quduqni burgʻuladi. Olingan tuproq namunalari oʻrganish uchun Yerga yetkazildi. Tahlil natijasida birinchi marta Oyda suv mavjudligi haqida ishonchli dalillar olindi.
ToshMKB kosmosda yangi kompozitsion materiallar yetishtirish uchun qurilmalar yaratish bilan ham shugʻullangan. Toshkentda ishlab chiqilgan maxsus eritish pechlari va noyob asboblar yordamida orbital stansiyalarda turli materiallarni eritish va ulardan namunalar olish boʻyicha tajribalar oʻtkazilgan.
Byuro mutaxassislari oʻta yuqori harorat va kuchli kimyoviy taʼsir muhitida ishlay oladigan burgʻulash apparatini ishlab chiqishdi. Qurilma «Venera-13» va «Venera-14» avtomatik kosmik stansiyalariga oʻrnatildi. 1982-yil mart oyida ular Veneraga yumshoq qoʻndi va tuproqning fizik-kimyoviy xususiyatlarini oʻrganish uchun burgʻulash, olish va tashish boʻyicha noyob tajribalarni amalga oshirdi.
1981-yilda Chirchiqda ToshMKB filiali – «Kompozit» tajriba-eksperimental zavodi tashkil etildi. Unda kompozit materiallardan kosmik konstruksiyalar uchun noyob qismlar va uzellar tayyorlangan. Zavod kompozitsion shisha va uglerod tolasi hamda ulardan tayyorlangan buyumlar ishlab chiqargan. Uglerod tolasi – yengil, ammo poʻlat kabi mustahkam material boʻlib, aviakosmik, harbiy maqsadlarda, shuningdek, avtomobil ishlab chiqarishda qoʻllanilgan. Bugungi kunda kundalik hayotda ham keng qoʻllanilmoqda.
1988-yilda Moskva kosmik markazlaridan birining filiali sifatida Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Institutning yoʻnalishlaridan biri tabiiy resurslarni aniqlash va xoʻjalik-ekologik faoliyatni tahlil qilish, qishloq xoʻjaligi ekinlarining holatini oʻrganish uchun Oʻzbekiston hududining kosmik tasvirlarini qayta ishlash edi.
Ilmiy-tadqiqot instituti qishloq xoʻjaligi, qurilish, kartografiya, geologiya, geofizika, suv va mineral resurslar sohalarida qimmatli natijalarga erishdi. Institut Yerni masofadan zondlash sohasida 50 dan ortiq mutaxassislar tayyorladi.
1980-yillar boshida «Oy» va «Energiya», «Buran» dasturlari uchun Toshkent viloyatining Parkent tumanida «Nevich» nomidagi ToshMKB yigʻish-sinov poligoni qurildi. Unda koʻplab stendlari va mexanik korpuslari, radiotelemetrik va boshqa oʻlchash apparatlari, yigʻish sexlari va ustaxonalari boʻlgan noyob eksperimental inshootlar yaratildi va sinovdan oʻtkazildi.
1982-yilda Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi Suffa platosida radioastronomik rasadxona qurilishi boshlandi. Uning asosiy obyekti – 70 metrli radioteleskop boʻlib,
u millimetr diapazonda kosmik nurlanishni qayd etish uchun noyob vosita hisoblangan. Shunga oʻxshash uskuna faqat San-Diyego (AQSH) da mavjud.
Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining «Fizika-Quyosh» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini ham alohida taʼkidlash joiz. Katta quyosh pechida «Buran» orbital kemasi himoya qoplamasining yuqori haroratga bardosh berish sinovlari oʻtkazildi. Bu tadqiqotlar yurtimizning kosmik izlanishlaridagi salmoqli hissasidir.
Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida «Oʻzbekkosmos» agentligi tashkil etildi. Xorijiy mamlakatlarning milliy kosmik tashkilotlari, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kosmik masalalar boʻyicha (UNOOSA) boshqarmasi bilan aloqalar yoʻlga qoʻyildi. 2002-yilda «Oʻzbekkosmos» faoliyati tugatildi. Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar markazi tashkil etilib, unga ikkita korxona kiritildi, qolganlari turli vazirlik va idoralarga topshirildi.
2019-yil 30-avgustda Prezidentimiz Oʻzbekistonda kosmik faoliyatni rivojlantirish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq, «Oʻzbekkosmos» agentligi tashkil etildi. Agentlikning vazifalari orasida Yerni masofadan zondlash tizimini hamda sunʼiy yoʻldosh aloqasi tarmogʻini yaratish, sunʼiy yoʻldosh navigatsiya komplekslaridan foydalanish va boshqalar bor.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish zamonaviy ish oʻrinlarini yaratish, ilm-fanni rivojlantirish, kosmik tadqiqotlar sohasida mamlakatning texnologik mustaqilligini, axborot xavfsizligini taʼminlash va Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirish imkonini beradi.
Gʻayratulla SHUKUROV tayyorladi.
