Soʻnggi oylarda Oʻzbekistonda jamoatchilikni larzaga solgan bir nechta yoʻl-transport hodisasida umumiy jihat koʻzga tashlandi: avtoulovni boshqargan shaxslar voyaga yetmaganlar boʻlgan.

Muammoning xavfli jihati shundaki, koʻpchilik haydovchilik huquqi masalasini faqat hujjat bilan bogʻlaydi. Vaholanki, haydovchilik guvohnomasi shunchaki ruxsatnoma emas. Uni olish uchun inson muayyan yoshga yetgan boʻlishi, nazariy bilimlarni oʻzlashtirishi, amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishi va imtihondan oʻtishi talab qilinadi. Bu talablar byurok­ratik tartib emas, balki inson hayotini himoya qilish mexanizmidir.

Transport vositasini boshqarish faqat avtomobilni harakatga keltirishni bilgan odamning qoʻlidan keladigan ish emas. Yoʻlda bir necha soniya ichida qaror qabul qilish, xavfni baholash, favqulodda vaziyatda toʻgʻri harakat qilish qobiliyati ham talab etiladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday koʻnikmalar insonda maʼlum yosh va tajriba shakllanganidan keyin barqaror namoyon boʻladi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, voyaga yet­magan shaxsning rulga oʻtirishi nafaqat huquqiy, balki psixologik va xavfsizlik jihatidan ham jiddiy muammo hisoblanadi. Oʻsmir koʻp holatlarda xavfni kattalar kabi baholay olmaydi. U tezlik oqibatlarini yetarli darajada his qilmasligi, oʻz imkoniyatlarini ortiqcha baholashi yoki ehtiros taʼsirida qaror qabul qilishi mumkin.

Bugun ijtimoiy tarmoqlar ham bu jarayonga taʼsir koʻrsatmoqda. Avtomobil boshqarayotgan yoki yuqori tezlikda harakatlanayotgan voyaga yetmaganlarning videolari vaqti-vaqti bilan tarqalib turadi. Muammo shundaki, ayrim yoshlar bunday harakatlarni qonunbuzarlik emas, balki jasorat yoki obroʻ belgisi sifatida qabul qilmoqda. Bu esa xavfli xulq-atvorning ommalashuviga xizmat qilishi mumkin.

Prezidentimiz tomonidan mazkur masala alohida koʻtarilgani bejiz emas. 11-iyun kuni boʻlib oʻtgan taqdimotda voyaga yetmaganlarning transport vositasini boshqarishiga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Bu yondashuv asosida muhim mantiq bor: fojia sodir boʻlganidan keyin oqibatlarini bartaraf etishdan koʻra, uning sabablariga qarshi kura­shish samaraliroqdir. Chunki ruldagi oʻsmir koʻp holatlarda muammoning oxirgi boʻgʻinidir. Undan oldin esa avtomobil kalitini bergan, bunday harakatga koʻz yumgan yoki uni xavf deb qabul qilmagan kattalar qarorlari turadi.

Toshkent shahrida yana bir ogʻir voqea yuz berdi. Bosh prokuratura va ichki ishlar organlari maʼlumot­lariga koʻra, 2010-yilda tugʻilgan oʻsmir ruxsatsiz ravishda «BMW» avtomashinasini haydab, harakat davomida xizmat vazifasi­ni bajarayotgan YPX inspektorini urib yuborgan. Shifokorlarning uch kunlik saʼy-harakatlariga qaramay, inspektor olamdan oʻtgan. Surishtiruv materiallarida ushbu voyaga yetmagan shaxs avval ham xavfli harakatlari bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar eʼti­boriga tushgani qayd etilgan.

May oyida Qoʻqon shahrida roʻy bergan fojia ana shunday holatlardan biri sifatida keng muhokama qilindi. Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, maktab oʻquvchisi «Malibu-2» mashinasini boshqarib, piyodalar yoʻlagidan oʻtayotgan uch nafar qizchani urib yuborgan. Oqibatda ulardan biri shifoxonada vafot etgan, ikki nafari ogʻir ahvolda qolgan. Ruldagi oʻsmir haydovchilik huquqiga ega emasligi aniqlangan.

Bu ikki voqea turli hududlarda, turli sharoitlarda sodir boʻlgan, ammo ularni birlashtirib turgan muhim jihat oʻsha: rulni haydovchilik huquqiga ega boʻlmagan voyaga yetmagan shaxs boshqargan.

Yoʻl harakati xavfsizligi xiz­mati vakillari keyingi yillarda oʻsmirlar tomonidan transport vositalarini boshqarish holatlari tez-tez uchrayotganini taʼkidlab kelmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda avtomobilni na­moyish qilish, tezlikka qiziqish va xavfli harakatlarni «obroʻ» belgisi sifatida qabul qilish ayrim yoshlar orasida xavotirli tendensiyaga aylanmoqda.

Muammoning eng ogʻir tomoni shundaki, bunday holatlarda xavf faqat ruldagi oʻsmirning oʻziga emas, balki mutlaqo begona insonlarga ham tahdid soladi. Qoʻqonda halok boʻlgan qizaloq ham, Toshkentda hayotdan koʻz yumgan YPX xodimi ham transport vositasini boshqarayotgani yoʻq edi, ammo boshqa bir insonning shunday masʼuliyatsizligi ularning taqdiriga taʼsir qildi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, masala faqat oʻsmirlar mashina boshqarayotganida emas. Asosiy savol boshqa yerda: voyaga yetmagan bola qanday qilib avtomobil kalitiga ega boʻlmoqda? Nega kattalar bunday xavfni ol­dindan koʻrmaydi yoki jiddiy qabul qilmaydi?

Bu savollar bejiz emas, chunki davlatimiz rahbari 11-iyun kuni oʻtkazilgan taqdimotda aynan voyaga yetmagan shaxslarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berish holatlari ogʻir oqibatlarga sabab boʻlayotganini taʼkidlab, bu borada javobgarlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Demak, muammo alohida hodi­salar darajasidan chiqib, davlat siyosati darajasida koʻrilayotgan masalaga aylanmoqda.

Endilikda muhokama markazidagi asosiy savol shu: rulga oʻtirgan oʻsmir xavfliroqmi, yoki unga avtomobil kalitini bergan kattalarning beparvoligimi?

Voyaga yetmagan shaxs mashi­na boshqarishi aksariyat hollarda tasodif emas. Uning ortida kattalar qabul qilgan qaror yoki yoʻl qoʻygan beparvolik yotadi. Shuning uchun ham muammoni faqat oʻsmirlarning harakati bilan izohlash yetarli emas.

Amalda bunday holatlar turlicha koʻrinishda namoyon boʻladi. Ayrim ota-onalar farzandiga avtomobil boshqarishni erta oʻrgata boshlashni ijobiy holat deb hisoblaydi. Baʼzan yopiq hududda yoki qishloq koʻchalarida boshlangan bunday tajriba keyinchalik umumiy foydalanishdagi yoʻllarga chiqib ketadi. Boshqa holatlarda esa kattalarning oʻzi voyaga yetmagan farzandiga transport vositasini vaqtincha boshqarish uchun ruxsat beradi. Natijada qonun bilan taqiqlangan harakat oddiy holat sifatida qabul qilina boshlaydi.

Shu oʻrinda yana bir muhim savol tugʻiladi:muammoni hal qilish uchun javobgarlikni kuchaytirish yetarlimi? Yoki voyaga yetmaganlarning rul boshqarishiga sabab boʻlayotgan ijtimoiy muhit, tarbiya va xavfsizlik madaniyatiga ham boshqacha yondashish zarur­mi?

Javobgarlikni kuchaytirish muhim, ammo tajriba koʻrsatadiki, har qanday huquqiy chora muammoning oqibatiga taʼsir qilishi mumkin, sababiga emas. Voyaga yetmaganlarning transport vositasini boshqarishi bilan bogʻliq holatlarga nazar solinsa, yanada tashvishli bir muammo koʻzga tashlanadi – xavfni notoʻgʻri baholash madaniyati.

Koʻplab ota-onalar farzandining mashina hayday olishi bilan faxr­lanadi. Ayrim hollarda bu hatto maqtanish mavzusiga aylanadi.«Oʻgʻlim 14 yoshida mashina haydaydi», «Farzandim avtomobilni bemalol boshqara oladi», degan gaplarni eshitish mumkin. Vaho­lanki, bu koʻnikma emas, xavfdir, chunki avtomobil oʻyinchoq emas. U bir necha soniya ichida inson hayotiga zomin boʻlishi mumkin boʻlgan yuqori xavf manbayi hisoblanadi. Haydovchilik huquqi uchun yosh cheklovi ham tasodifan belgilanmagan. Bu talab ortida yillar davomida shakllangan xalqaro tajriba, yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha tadqiqotlar va inson psixo­logiyasi haqidagi ilmiy xulosalar yotadi.

Mutaxassislar qayd etishicha, oʻsmirlarda xavfni baholash va qaror qabul qilish uchun masʼul boʻlgan miya faoliyati kattalarnikidan farq qiladi. Shu sababli ular koʻproq tavakkalchilikka moyil, ehtimoliy oqibatlarni esa yetarlicha hisobga olmasligi mumkin. Avtomobil boshqarishda esa aynan bir necha soniyalik ehti­yotsizlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, voyaga yetmagan shaxsning rul boshqarishi faqat qonunbuzarlik emas. Bu – xavfsizlik tizimidagi bir nechta boʻgʻin bir vaqtning oʻzida ishlamagani belgisi. Avvalo, oila nazorati ishlamagan boʻladi. Keyin atrofdagilar bunga munosabat bildirmaydi. Ayrim hollarda esa jamoatchilik ham buni jiddiy xavf sifatida qabul qilmaydi.

Aslida, jamiyatdagi munosabat qonundan ham kuchli profilaktika vositasi boʻlishi mumkin. Agar voyaga yetmagan bolaning avtomobil boshqarishi mahorat emas, balki masʼuliyatsizlik sifatida baholansa, bu holatlar kamayi­shi mumkin. Bugun esa baʼzi holatlarda aksincha manzara kuzatilmoqda – ijtimoiy tarmoqlarda rul ortidagi oʻsmirlar videolari tarqatiladi, ular muhokama qilinadi, ayrimlari qiziqish va hatto havas bilan qarshi olinadi.

Shuning uchun ham muam­moni faqat huquqiy nuqtayi nazardan koʻrish yetarli emas. Bu masala tarbiya, ijtimoiy masʼuliyat va xavfsizlik madaniyati bilan ham bevosita bogʻliq. Qonun jazolaydi, ammo xavfni ang­lash hissini shakllantirmaydi. Bu vazifa, avvalo, oila, taʼlim muassasalari va jamiyat zimmasida.

Soʻnggi oylarda mamlakatni larzaga solgan fojialar shu haqiqatni koʻrsatdi: ruldagi voyaga yetmagan shaxs – muammoning sababi emas, natijasi.Asosiy savol avtomobilni kim boshqarganida emas, nega unga bu imkoniyat berilganida.

Har bir holatda kalitni bergan qoʻl bitta boʻlishi mumkin, ammo oʻsha kalitga yetish imkonini bergan qaror ortida kattalarning masʼuliyati yotadi. Yoʻl harakati xavfsizligi haqida gap ketganda, aynan shu masʼuliyatni anglash kelgusida yangi fojialarning oldini olishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.


Musulmon ZIYO,

jurnalist.