Poytaxtda tashkil etilayotgan boʻlajak koʻchatxonalar tarmogʻi doirasida shahar muhitini yaxshilash va barqaror koʻkalamzorlashtirish tizimini shakllantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Unga koʻra, avvalo shahar sharoitiga moslashgan, yirik hajmdagi daraxtlar va koʻp yillik oʻsimliklarni professional ravishda yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Koʻchatxonalarda chang miqdorini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash va ekologik barqarorlikka hissa qoʻshadigan manfaatli turlar saralab yetishtiriladi. Shu bilan birga, qurgʻoqchilik, haroratning keskin oʻzgarishi va iqlim oʻzgarishiga moslashuvchan butalar hamda turli koʻp yillik oʻsimliklar tanlab olinib, ilgʻor agrotexnik usullar asosida parvarish etiladi.
Taʼkidlanishicha, har bir koʻchatning kelib chiqishi, parvarishi va ekilishiga oid maʼlumotlar markazlashgan raqamli roʻyxatga kiritilib, shaharning yashil fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi izchil yangilanib boriladi. Bu esa koʻkalamzorlarni boshqarishda shaffoflik va tizimli yondashuvni taʼminlaydi.
Yangi tarmoq shahar va xususiy sektor oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, oʻsimliklarni professional yetishtirish, ularni toʻgʻri joylashtirish va uzoq muddatli parvarish qilishni qamrab olgan barqaror ekotizimni barpo etishga xizmat qiladi. Tashkil etilayotgan koʻchatxonalar poytaxtning ekologik strategiyasida muhim boʻgʻin sifatida qaralib, Toshkentning yashil maydonlarini koʻpaytirish va obod muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
