Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya tomonidan jamoat joylarida — xususan, xiyobonlar, istirohat bogʻlari va bozorlarda giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasining oldini olish maqsadida xizmat itlaridan foydalanish tartibini belgilovchi qoʻshma qaror qabul qilindi. Bu haqida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qiladi.

Mazkur qarorga muvofiq, dastlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida joylashgan jamoat joylarida xizmat itlari bilan birgalikda patrul naryadlari tajriba-sinov tariqasida faoliyat boshladi.

Hozirda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Kinologiya boʻlimi xodimlari “Tashkent City Mall” savdo majmuasi, “City Park”, “Dream Park” va “Magic City” koʻngilochar maskanlarida xizmat faoliyatini olib bormoqda.

Xizmat itlari yordami jinoyatlarning oldini olishda, xususan, fuqarolarga yoki xodimlarga hujum uyushtirish holatlarini bartaraf etishda, jinoyat sodir etgandan keyin yashirinayotgan shaxslarni aniqlash va ushlashda, shuningdek, qoʻlga olingan shaxslarning qochishga urinishi yoki atrofdagilarga zarar yetkazish ehtimoli mavjud vaziyatlarda qoʻllaniladi.

Qarorga muvofiq, jonivorlarning xizmat davomiyligi ob-havo harorati +30°C dan yuqori yoki +1°C dan past boʻlgan paytlarda 4 soatdan oshmasligi belgilangan. Zarurat tugʻilganda, xizmat itlari uchun kichik hajmli maxsus volyerlar oʻrnatilishi ham rejalashtirilgan.