Oila boshi, ustuni katta leytenant Ozod Avazov ayni paytda Navoiy shahar IIB Tashkiliy boʻlimi Navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi. Uning turmush oʻrtogʻi katta leytenant Sitora Axmatova esa Navoiy shahar IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori.
Ikkalasi ham Navoiy davlat universitetida Psixologiya yoʻnalishida taʼlim olishdi. Birgalikda darslarga qatnashdi, imtihonlarga tayyorgarlik koʻrishdi. Shu asnoda bir-birlariga koʻngil qoʻyib, taqdirlarini bogʻlashga ahd qilishdi. Buni qarangki, endi yelkama-yelka turib, el-yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishyapti.
– Oilada ishongan va suyangan insoning xizmatda ham hamroh boʻlsa, bu ikki karra baxt. Men shu maʼnoda judayam baxtiyor ayolman. Goho shunday vaqtlar boʻladiki, bir xonadonda yashab, bir necha kun koʻrishmaymiz. Ammo bir-birimizni tushunamiz, xizmatdagi mashaqqatlarimizni ichdan his etamiz. Oʻzaro tushunishimizni, ishonchimizni oilamizning mustahkam poydevori deb bilamiz. Ham xizmatdagi, ham turmushdagi barcha qiyinchiliklarni birgalikda yengib oʻtishimizga ishonaman, – deydi katta leytenant Sitora Axmatova.
Haqiqatan ham, Sitora baʼzida tungi nazorat reydlariga jalb etiladi. Yoshlar va voyaga yetma-ganlarni bemaqsad tunda koʻchada yurmasligi, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasligi choralarini koʻradi. Ularning ota-onalari bilan profilaktik ishlar olib boradi. Shunday paytda uni turmush oʻrtogʻi tushunadi, qoʻllab-quvvatlaydi.
– Dastlab faoliyatimni inspektor-psixologlikdan boshlaganman. Xodim-larning ruhiy holatini yaxshilash, muammolarini oʻrganish, ruhiy va jismoniy zoʻriqishlarining oldini olish maqsadida turli suhbatlar va seminar-treninglar tashkil etardik. Psixologik oʻyinlar, mashgʻulotlar tashkil etishda Sitoradan koʻp maslahat olardim. U boʻlsa hujjatlar yurituvida, huquqiy masalalarda mendan yordam soʻrardi, – deydi katta leytenant Ozod Avazov.
Ular xizmatda bilma-ganlarini ustozlaridan soʻrab, zimmalaridagi vazifalarini sidqidildan bajarib, oilada mehr-u muhabbat ogʻushida, bir-birlarini qoʻllab-quvvatlab tushunib, hurmat qilib, hayot kechirishyapti. Ikkalasini birga koʻcha-koʻyda koʻrgan tanishlari: «Koʻz tegmasin, bir-birlariga xuddi uzukka koʻz qoʻygandek yarashibdi» , – deyishadi.
Mahliyo XOLOVA,
oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
