Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Biz zoʻravonlikka qarshimiz” shiori ostida maʼrifiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda tuman Oila va xotin-qizlar boʻlimi rahbar va mutasaddilari, IIOFMB masʼullari, shuningdek, mahalla faollari ishtirok etib, mavzu doirasida fikr almashdilar.

Uchrashuv davomida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularni qoʻllab-quvvatlashning amaliy mexanizmlari, zoʻravonlik holatlarining oldini olish borasidagi vazifalar atroflicha muhokama etildi. Profilaktik suhbatlar oʻtkazish tartibi, muammoga duch kelgan ayollarga yordam koʻrsatish yoʻllari hamda zoʻravonlikka moyil shaxslar bilan ishlash uchun moʻljallangan tuzatish dasturlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbir ishtirokchilarining savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi. Shuningdek, zoʻravonlikning oldini olishda faol ishtirok etib kelayotgan mahalla faollari maxsus tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Bu uchrashuv nafaqat maʼlumot, balki har bir ishtirokchiga zoʻravonlikka befarq boʻlmaslik, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash yoʻlida oʻz hissasini qoʻshish zarurligini yana bir bor eslatdi.