Mutaxassislar bu iboraning yuzaga kelishini xalqimizning kiyinish madaniyati bilan bogʻlashadi. Maʼlumki, avval yengi kalta kiyim kiyish urf boʻlmagan. Ayniqsa, oʻzbek ayollari kiyimlarining yengi, sharʼiy qoidalarga koʻra, qoʻl barmoqlari boshlanadigan joygacha boʻlgan. Shu sababli biror yumush bajarishdan oldin kir boʻlmasligi, xalaqit qilmasligi uchun kiyim yengini shimarib olishgan. Masalan, «Nusratilla pochcha yeng shimarib, oshga qoʻl uzatdi» (Murod Mansur, «Judolik diyori»), «Asqaralining kelini yeng shimarib tappi yopardi» (Tohir Malik, «Devona»). 

Ammo keyinchalik kiyimlar yengi qisqargach, yengil-yelpi ishlarni bajarish uchun, koʻylak yengini shimarish shart boʻlmay qolgan. Natijada yeng shimarib birikmasi koʻchma maʼnoda qoʻllanishni boshlagan va shu koʻchma maʼnosi bilan birga iboralashgan. Masalan: Bugun, shanba kuni, ertalabdan tahririyatga kelib, yeng shimarib ishlab oʻtirsam, qoʻngʻiroq boʻlib qoldi. (A.Meliboyev, «Qirq beshinchi bekat»). Bu gapda «yeng shimarib» iborasi biron-bir yumushni «astoydil, jon-jahdi bilan» qilmoq maʼnosida kelgan.


Shuhrat ROʻZIYEV

tayyorladi.