– Yoʻldagi har bir inson menga goʻyoki yaqinlarimdek. Bolalarni koʻrganimda oʻz farzandimni eslayman, kattalar esa ota-onam va yaqinlarim kabidir. Shu bois ularning koʻzlagan manziliga eson-omon yetib olishini istayman. Yoʻldagi oddiy eʼtiborsizlik yoki kichik xato katta koʻngilsizliklarga sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun, eng avvalo, harakat ishtirokchilarini qilgan xatolarini anglashga undayman, – deydi lavhamiz qahramoni. 

Bir kuni kechki nav­batchilik chogʻida Eldor qoidani buzgan haydovchini toʻxtatdi. Haydovchi buning ustiga transport vositasini boshqarayotib telefonda gaplashayotgan edi. U shoshayotganini aytib oʻzini oqladi. Eldor haydovchining hujjatlarini koʻzdan kechirar ekan, vazminlik bilan shunday dedi:

– Bir soniyalik shoshilish baʼzan bir umrlik afsusga aylanadi. Men sizga jarima solsam – qonun talabini bajaraman, lekin agar siz bu­ning sababini anglasangiz, men vijdonimni ham xotirjam qilaman.

Bu soʻzlar haydovchiga qattiq taʼsir qildi. U oʻz xatosini tushunib, tan oldi. Xodim esa:

– Sizning xatoingizni men-ku kechirarman, lekin yoʻllar kechirmaydi-da. Chunki bunday qilmishingiz bilan kimningdir hayotiga jiddiy xavf solishingiz yoki umriga zomin boʻlishingiz mumkin edi, – dedi.

Shu voqeadan soʻng haydovchi har gal A.Navoiy koʻchasidan oʻtar ekan, Eldorni koʻrsa, minnatdorlik bilan salom beradigan boʻlgan. Bu esa inspektor uchun eng katta mukofot. Zero, u yana bir odam­ning yoʻllarda harakatlanish madaniyatini oshirishga muvaffaq boʻldi. 

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.