Urganch shahrida yashovchi Q. Oʻtkir (voqea ishtirokchilarining ismlari oʻzgartirilgan) beli ogʻrimasdan boylik orttirishni oʻziga kasb qilib olgan kimsalardan biri. U anchadan beri oʻylab yurgan “reja”sini amalga oshirish uchun bir necha kun bosh qotirdi. Shundan soʻng, taksichi qiyofasiga kirib, oʻzining jinoiy faoliyatini boshladi.

Urganchlik G. Sanʼatning yengil avtomashinalarini ijaraga bermoqchi ekanligini eshitgan Oʻtkir darhol uning uyiga boradi. Avtomobillarning xaridori oʻz oyogʻi bilan kelganidan xursand boʻlgan xonadon sohibi uni ichkariga taklif qiladi. Mashinalarni koʻzdan kechirgan Oʻtkir uning egasi bilan kelishib, shartlariga rozi boʻladi.

Ishi oʻngidan kelgan firibgar Sanʼatning bir emas, 4 ta avtomashinasini olib ketadi. Oradan bir necha kun oʻtgach, ushbu mashinalarni bozorga olib borib, 4 nafar fuqaroga 468 million soʻmga sotib yuboradi va hech nima boʻlmagandek yuraveradi.

Ijara haqini ololmagan Sanʼat avtomashinalaridan ham ayrilganini bilib qoladi. U bir necha oy firibgarning insofga kelishini kutadi. Ammo, harom luqma yeyishga odatlangan Oʻtkir har kuni turli bahonalarni roʻkach qilib, jabrdiydani aldab yuraveradi. Toqati toq boʻlgan jabrlanuvchi oxiri ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur boʻladi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xudoybergan JABBOROV,

 “Postda” muxbiri.