25 noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kuni


Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida toʻlaqonli ishtirok etishiga erishish, ular oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2019 yil 2 sentyabrda «Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun sharofati bilan xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda sezilarli yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda.

– Odatda ayollarimiz tazyiqqa duch kelsa, bu haqda hatto yaqinlariga aytishmaydi, qoʻrqishadi yoki istihola qilishadi, – deydi IIV JXD HPX katta inspektori, katta leytenant Gavhar Usmonova. – Shu maʼnoda, himoya orderi institutining joriy etilishi bejiz emas. Bunga qadar oʻziga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilayotgan xotin-qizlar mavjud muammolarini kimga aytishni, qanday yoʻl tutish lozimligini bilishmasdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganda tazyiq va zoʻravonlik holati tayinlangan ekspertiza xulosalari orqali oʻz tasdigʻini topmasa, koʻp hollarda jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik alomati yoʻqligi vaji bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilib kelingan. Himoya orderi esa xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxs yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanishiga sabab boʻladigan hujjat ekanligini amalda namoyon etadi.

Soddaroq qilib aytganda, profilaktika (katta) inspektori tazyiq va zoʻravonlik haqidagi murojaatni qabul qilib olganidan soʻng tegishli oʻrganishlarni olib borgach, tazyiq va zoʻravonlik holati tasdigʻini topgan taqdirda, himoya orderi berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Tazyiq oʻtkazgan shaxs belgilangan cheklovlar bilan tanishtiriladi. Uning xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha zarur choralar koʻriladi. Belgilangan muddatda xulq-atvorida yaxshi tomonga oʻzgarish­lar kuzatilmasa, himoya orderi yana bir oy muddatga uzaytiriladi, chek­lovlarga amal qilinmagan taqdirda, maʼmuriy javobgarlik masalasi koʻrib chiqiladi.

Shu oʻrinda qiyin vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga tezkorlik bilan zaruriy yordam koʻrsatish uchun «1259» qisqa raqamli «Ishonch markazi» tashkil etilganini eslatib oʻtish lozim. Oʻtgan davrda mazkur markazga qoʻngʻiroq qilgan 1200 nafardan ziyod ayolga psixologik va huquqiy yordam koʻrsatildi.

25 noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kuni munosabati bilan viloyatlar, Toshkent shahri hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida «Biz zoʻravonlikka qarshimiz!» va «Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish tarafdorimiz» shiorlari ostida aktsiyalar tashkil etilib, mavzuga doir turli tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Umuman olganda, joriy yilning oʻtgan davrida xotin-qizlar ishtirokida mahallalarda, korxona va tashkilotlarda, taʼlim muassasalarida 12 mingdan ziyod madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari, davra suhbatlari, uchrashuvlar oʻtkazildi. Ushbu targʻibot tadbirlari doirasida zoʻravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan videorolik, tarqatma materiallar, banner va buk­letlar tayyorlanib, ommaga taqdim etilgani ijobiy samara bermoqda. Bundan tashqari, mavzu doirasida ommaviy axborot vositalarida qilinayotgan chiqishlar opa-singillarimizning huquqiy madaniyatini oshirishga muhim hissa boʻlib qoʻshilyapti.

 

Sherzod ABDUSAMADOV,

«Postda» muxbiri.