Sharq tabiblarining tajribasiga koʻra, kasallik, eng avvalo, idrok qilish, hissiyotli sezgi yoʻllari orqali kelib tushadigan axborot ekan. Atrof-muhit va vujudimizda ham kasallik qoʻzgʻatuvchilari bor ekan. Unda patologik oʻzgarishlarning kelib chiqishi natijasida inson dardga chalinar ekan. Shu sababli har bir kishi oʻz his-tuygʻulari, kayfiyatini boshqarishni oʻrganishi lozim.

Quyida ayrim kasallik qoʻzgʻatuvchi holatlar bilan tanishing: qora oʻy-xayollar, ichiqoralik, yomon qiliqlar ichaklarda muammolar keltirib chiqaradi. Ochkoʻzlik, baxillik ich qotishiga, kimnidir yomonlash, kimgadir taʼna qilish qorin ogʻrigʻiga sabab boʻladi. Jigar, oʻt pufagi, meʼdaosti bezi, asab tarangligi kasalliklari qahr-gʻazab, koʻrolmaslik natijasida yuz beradi.

Shuningdek, kekchi odam birovga nisbatan koʻnglida qasos tuygʻusi bilan yashasa, unga zarba berish uchun payt poylaydi. Kuchli qahru gʻazabni kimgadir socha olmagan kishi uni yutadi va oʻzining oʻt pufagining bukilishiga, biror aʼzoning buralib qolishiga yoʻl ochadi.

Sevgi va ishonchning yoʻqligi, magʻrurlik, oʻziga bino qoʻyishlik, ichiqoralik, hasad yurak kasalligiga, rashk, ruhiy tushkunlik, umidsizlik, gʻam-gʻussa chekish yurak yetishmasligiga sabab boʻladi. Birovning fikrini oʻzlashtirish, koʻchirmachilik aritmiya uchun sharoit yaratadi. Endokrin kasalliklari oʻziga bino qoʻyish, oʻzini hammadan ustun qoʻyish, xudbinlik, takabburlik, xomxayollik oqibatida qoʻzgʻaladi.

Oʻz taqdiridan, hayotidan, sharoitdan norozilik buyrak usti bezini ezadi. Meʼdaosti bezidagi buzilishlar doimo birovdan achchiqlanib, xafa boʻlib yurish, dunyodan bezish sababli paydo boʻladi. Shirin hayotga intilish, oson umr kechirish payida boʻlganlar qandli diabetga chalinadilar. Birovni yomon koʻrish esa oshqozonni ogʻriqlantiradi.

Qisqasi, bulardan koʻrinadiki, yaxshi fazilatlarga ega boʻlmaganlar oʻz salomatligini ham, kishilar oʻrtasida hurmatini ham yoʻqotadi. Eson-omon va obroʻli boʻlib yashay desangiz, yomon odatlardan tiyiling, yaxshi odam boʻlib yaxshilik qilsangiz, aslo kasal boʻlmaysizlar. Bu yogʻiga kamina kafil, azizlar!  

Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.