Hazorasp tumani IIB HPB xodimlari profilaktika kuni doirasida bir qator targʻibot tadbirlarini amalga oshirishdi. Unda asosiy eʼtibor, sodir boʻlishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi muammolarini oʻrganish va unga ijobiy yechim topish masalalariga qaratildi.

 – Profilaktika kuni davomida oilalardagi maʼnaviy muhitni yaxshilash, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarga amaliy yordam berish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi, – deydi tuman IIB HPB XQMB katta inspektori, katta leytenant Anaposhsha Qurbonova. – Shuningdek, muqaddam sudlangan, huquqbuzarlik sodir etishga moyil, yashash manzilidan uzoq muddatga xorijga ketgan hamda ijtimoiy foydali mehnat bilan shugʻullanmayotgan shaxslar bilan tizimli ishlar olib borildi.

Ayniqsa, mahallalar va oʻquv muassasalarida “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” profilaktik-targʻibot tadbirlari uyushqoqlik bilan oʻtkazildi. Bundan tashqari, oʻrganishlar jarayonida xotin-qizlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, kasb-hunarga yoʻnaltirish, tadbirkorlik bilan shugʻullanishlari uchun ularga shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Tegishli tashkilot va muassasalarning vakillari bilan amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.

Xudoybergan JABBOROV,

 “Postda” muxbiri.