kecha va bugun

Qadimdan ajdodlarimiz nafaqat komil inson va maʼrifatli boʻlishgan, balki axloqiy yetukligi, qalban pokligi, aql-zakovati va intellektual qobiliyati bilan oʻz davrining muammolariga yechim topishgan. Ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan musiqalarning oʻrni esa hech qaysi davrda oʻz mavqeini yoʻqotmagan...

 

Oʻtmishga Oʻgirilib

Oʻrta asr sharq musiqa madaniyatining eng yirik namoyandasi Abu Nasr Forobiy zabardast bastakor hamda ud, tanbur, gʻijjak, nay kabi asboblarning mohir ijrochisi boʻlgan. Forobiy oʻtkir didi va ajoyib musiqiy qobiliyati tufayli oʻrta va yaqin sharqda yashovchi turli xalqlarning musiqa madaniyati bilan yaqindan tanish edi. Alloma soz chalar, kuy ijro etib, odamlarga kuchli taʼsir berar, goho joʻshqin kishilarni xomush ahvolga solar, baʼzan esa ziyraklarni uxlatardi. Ilmda esa u olamshumul ahamiyatga ega asarlar ijod etib, musiqashunoslik tarixida soʻnmas iz qoldirdi.

Sharq tabobatining buyuk asoschisi, mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning serqirra ilmiy merosida ham musiqa muhim va salmoqli oʻrin tutadi. Ibn Sino oʻzidan oldin oʻtgan yunon faylasuflari Aristotel, Ptolomey, Evklid, shuningdek, Xorazmiy, Kindiy va Forobiy asarlarini ijobiy oʻzlashtirib, musiqa ilmida mustaqil taʼlimot yaratdi.

Buyuk tabib musiqa ilmini yoshligidanoq puxta egallagan. Bu davr­da Buxoroda va keyinchalik Ibn Sino yashab ijod etgan Urganch, Ray, Hamadon kabi markaziy shaharlarda bastakorlar, ustoz xonanda va sozandalar ijodining barq urishi, musiqa tafakkurining yuksak namunalaridan boʻlgan maqomlarning joriy qilinishi bu soha rivojiga katta yoʻl ochdi. Alloma asarlari bu borada bebaho ahamiyat kasb etadi. Uning «Tib qonunlari», «Najot» hamda «Ishq risolasi» kitoblarida ham musiqaga tegishli maʼlumotlar berilgan.

Ibn Sino merosidan yirik musiqashunoslar Abu Mansur ibn Zayla, Safiuddin Urmaviy, atoqli olimlar Vinchentsio, Galiley va Juzeppo Salionlar ilhom olgan. Cholgʻu asboblarini ham keng oʻrgangan tabib odam ovozini eng mukammal musiqiy vosita deb bilgan va boshqa cholgʻu asboblarini shunga qiyos qilib oʻrgangan. Uning eng sevgan musiqa cholgʻusi gʻijjak boʻlgan.

 

Amir Temur va sanoyi nafisa

Amir Temur davridagi harbiy yurishlar natijasida turli mamlakatlardan keltirilgan hunarmandlar, olimlar, xonandayu sozandalar shahar madaniyatining oʻsishiga katta hissa qoʻshdilar va sanoyi nafisa bilan qiziquvchi yoshlarga oʻz hunarlarini oʻrgatdilar. Amir Temur tomonidan otda chopish, kurash, nayzabozlik, qilichbozlik, yoyandozlik va boshqa harbiy oʻyin musobaqalari hamda koʻpkarilarining har tomonlama taqdirlanishi harbiy musiqa, ayniqsa, ochiq havoda ijro qilinadigan damli va zarbli cholgʻularning ahamiyatini oshirdi, mahoratli sozandalarning yetishib chiqishiga keng yoʻl ochib berdi. Bunday katta tantanalar Hirot, Samarqand va boshqa yirik shaharlarda «tarabxona», «tomoshagoh», «sayilgoh» kabi maydonlarda oʻtkazilgan. Tomosha yoki sayil boshlanishidan oldin surnay, karnay, tobil, nogʻoralardan tashkil topgan guruh ijrosida «Olomon yigʻar», «Shodiyona», «Bahri tobil» va shularga oʻxshash aholini yigʻinga chorlovchi kuylar chalingan.

Amir Temur harbiy musiqa turlarini qoʻshinlarning jangovarlik ruhiyatini oliy darajada saqlab turuvchi kuch deb bilgan va uning rivojiga katta eʼtibor bergan. U tarixda birinchi boʻlib, askarlarni jangovar bayroqlar va musiqa cholgʻu asboblari bilan taqdirlash odatini harbiy udumga kiritadi.

Shunisi eʼtiborliki, Amir Temur lashkarida musiqa cholgʻulari faqatgina maʼnaviy ramziyot hisob­lanmasdan, balki koʻproq harbiy matonat, shijoat nishoni, jangchilarning tabaqa va martabalarini koʻrsatuvchi harbiy daraja belgisi sifatida qadrlangan. Amir Temurning musiqa sanʼatini yuqori darajada baholashi, cholgʻulardan harbiy nishon, jasorat ramzi sifatida foydalanishi jahon musiqa sanʼati tarixida mislsiz voqea sifatida baholanganligini alohida eʼtirof etish joiz.

 

Yuz yilda yuzaga kelgan

Damli cholgʻular orkestrining tashkil topishi va rivojlanishi harbiy tarix bilan chambarchas bogʻliqdir. Undan asosan harbiy maqsadlarda, yaʼni harbiy marosimlarga aloqador musiqalar ijro etilganda va jangovar harakatlarda foydalanilgan.

Musiqa cholgʻulari orkestr tarkibidan joy olishdan avval juda murakkab rivojlanish jarayonini bosib oʻtdi. Otliq qoʻshinlarda trubalar va litavralardan, piyoda qoʻshinlarda esa fleytalar va barabanlardan foydalanilgan. Aynan mana shu kichik ansambl guruhlari kelajakda harbiy damli cholgʻular orkestrining poydevorini tashkil qildi.

Markaziy Osiyo mintaqasida Buxoro amiri Amir Olimxon davrida dastlabki orkestr tuzilib, damli cholgʻular ijrochilarini tarbiyalash yoʻlga qoʻyilgan.

Damli cholgʻularning hozirgi koʻrinishi yuz yillar davomida yuzaga kelib, oʻziga xos va mos repertuari, milliy hamda janriy yoʻnalish­lari sababli turli koʻrinishdagi tarkibiy shakllari yaratildi.

 

Oʻttizinchi bahor

Hademay oʻzining oʻttizinchi bahorini qarshi oladigan Oʻzbekiston Respublikasi IIV Alohida namunali koʻrgazmali orkestri tizimdagi orkestrlar ichida yetakchi professional-ijodiy jamoa hisoblanadi. Orkestr musiqa sanʼati vositasida IIV shaxsiy tarkibini gʻoyaviy, vatanparvarlik ruhida va madaniy-estetik jihatdan tarbiyalashga, ularning oila aʼzolarining koʻngilli dam olishlarini taʼminlashga koʻmaklashadi. Orkestrning xizmat-ijodiy faoliyati chuqur gʻoyaviy mazmun bilan boyitilgan va shaxsiy tarkibning jangovar, xizmat hamda ijtimoiy-siyosiy tayyorgarligi bilan uzviy bogʻliqdir. Ushbu faoliyat madaniy-maʼrifiy muassasalar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Orkestr repertuarining asosini yuksak gʻoyaviy, qahramonlik va harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi asarlar tashkil etadi.

Orkestrlar xizmatining asosiy vazifasi esa Ichki ishlar vazirligi tizimidagi barcha orkestrlar faoliyatini muvofiqlashtirish, samaradorligini oshirish, kontsert va tadbirlarda katta jamoa sifatida ishtirok etish kabi masalalarni qamrab oladi.

Orkestr jamoasi Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish kontseptsiya­si boʻyicha belgilangan ustuvor yoʻnalish va printsiplar asosida yoshlarimizni hamda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarni vatanparvar, jismonan va maʼnan yetuk, intellektual salohiyatli qilib tarbiyalash maqsadida yangidan-yangi ijod namunalarini taqdim qilishda davom etadi.

Muqimjon MAHMUDOV,

IIV Orkestrlar xizmati boshligʻi, podpolkovnik.