Maʼnaviyat marshruti

Asrlar davomida maʼrifat maskani sifatida xizmat qilib kelgan Said Otaliq madrasasi XVI asrda Denov shahrida Xoja Alouddin Attorga atab bunyod etilgan. Xalq orasida shayx Attori Valiy nomi bilan mashhur boʻlgan bu zot Bahouddin Naqshbandning kuyovi boʻlib, tariqat taʼlimotini keng yoyish uchun Surxondaryo viloyatining Denov tumani hududiga koʻchib kelgan.

Manbalarda aytilishicha, hazrat Xoja Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining ulugʻ piri, avliyo, «Silsilai sharif»da oʻn yettinchi halqadagi murshid, alloma boʻlgan. Asl ismlari Muhammad ibn Muhammad al-Buxoriy boʻlib, «Attor» deyilishiga sabab ul zoti sharifdan hamisha xushboʻy hid taralib turgan, suhbatlari ham yoqimli boʻlgan.

Alouddinni hazrat Bahouddin Naqshband oʻz qaramogʻiga olib, taʼlim beradi. Ilmi, odobi, tarbiyasi, xulqi bilan u ustozining duosiga sazovor boʻladi. Bahouddin Naqshband vafotidan keyin Denovdagi bir xonaqohda muridlariga taʼlim-tarbiya beradi. U milodiy 1400 yilda vafot etgan.

Said otaliq madrasasi Xoja Alouddin Attorning oʻgʻillari va nevaralari tomonidan 26 yil davomida qurilgan. Buxoroning yirik madrasalari uslubida barpo etilgan mazkur meʼmoriy obida qurilishiga buxorolik meʼmor usta Ahmad Mamat Buxoriy bosh-qosh boʻlgan.

Ikki qavatli katta-kichik hujralardan tashkil topgan madrasada miyonsaroy, uning ikki yonida masjid va darsxona joylashgan. Madrasa burchaklariga esa guldastalar ishlangan. 40x29.5 metr tarxli hovlisidagi peshayvonlar soni 2 ta. Hujralar derazalariga ganchdan panjaralar ishlangan.

Oʻziga xos loyiha asosida bunyod etilgan madrasa ilm-maʼrifat maskani sifatida dong taratgan. Biroq uzoq vaqt davomida madrasa qarovsiz holda qolib ketdi va uning asosiy binolariga shikast yetdi. Shundan soʻng, yurtimizda muqaddas qadamjolar va tarixiy obidalarni qayta tiklab, ziyorat turizmini rivojlantirishga eʼtibor qaratilgach, ushbu muazzam maskan qayta rekonstruktsiya qilindi. Hozirda tarixiy obida mahalliy va xorijlik sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylangan.

Feruza RAHMONQULOVA,

«Postda» muxbiri.

Surxondaryo viloyati.