Bir qoʻshiq tarixi
Azim Mullaxonov 1960-yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent Davlat sanʼat institutini tamomlagan. «Kelmading», «Ota», «Kechalar» singari 60 dan ziyod qoʻshiqlar ijrochisi.
Oʻzbekistonda hamda Qozogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist unvonlariga sazovor boʻlgan. IIV Ichki qoʻshinlar tarkibidagi «Turon yulduzlari» ansambli xonandasi sifatida xizmat qilgan, isteʼfodagi mayor.
Hayot – gulzor, deya, kezdim, tikonlari chiqdi yoʻldan,
Na-da tikonlari, turfa ilonlari chiqdi yoʻldan.
Ushbu misralar qatiga jo boʻlgan hayot sabogʻi mayin ohanglar qanotida qalbimizga quyilar ekan, Tohir Malikning mashhur «Shaytanat» asari va shu asosda tasvirga olingan badiiy filmning Asadbek, Elchin, Zaynab va boshqa oʻziga xos, bir-birini takrorlamaydigan, xarakterli qahramonlari, ularning taqdir kechmishlari koʻz oldimizdan oʻtaveradi.
«Shaytanat» qoʻshigʻi uch kunda tayyor boʻlgan»
Tillardan dillarga koʻchib, sanʼatsevar xalqimizning qalbidan chuqur oʻrin olgan «Shaytanat» qoʻshigʻining oʻziga xos yaratilish tarixi bor. Uning ijrochisi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Azim Mullaxonov ommaviy axbort vositalariga bergan intervyularidan birida oʻziga mashhurlik olib kelgan taronaning yaratilishi qanday kechgani haqida toʻxtalib, «Yodgor Saʼdiyev «Shaytanat» qoʻshigʻining sheʼrini berib, «Beshta xonandaga berdim, agar kimning ijrosi yaxshi chiqsa, saundtrek qilib oʻshani olaman», degan. Bu gapdan keyin umidimni ham uzgandim. Beshta xonandaning ichida aniq kimdir zoʻr aytadi, deb beeʼtibor boʻlganman. Ammo Yodgor aka qoʻngʻiroq qilib, qoʻshiqni soʻragan. «Beshta xonandaga bergan boʻlsangiz, men nima qildim aytib?!», desam, «Ularni qoʻyaver, meni sening ijroying qiziqtiryapti», degan. Uning qistovi bilan oʻsha kuniyoq qoʻshiq ustida ishlashni boshlaganman. Bu qoʻshiq ijodimdagi eng qisqa vaqt ichida, yaʼni uch kunda tayyor boʻlgan», deya taʼkidlaydi.
Koʻngil arzitgan satrlar qoladi
Bormi xayrixohim, dedim va yo hamdard?
Muhabbatning Tohir Malik, Shukurdayin qurbonlari chiqdi yoʻldan...
Bu bayt qoʻshiqqa kirmagan. Ammo Shukur Qurbon «Shaytanat» asaridagi eng muhim gʻoyani ijodkorona qalb bilan his etib, bor hayajon, yurak tugʻyonlarini sheʼriga joylaganini anglash qiyin emas.
Shoir ushbu sheʼri haqida toʻxtalar ekan, «Oʻn satrmi, yigirma satrmi, bitta qoʻshiqmi, oʻnta qoʻshiqmi, agar hayot uchun, odamlarning koʻngli uchun arziydigan boʻlib yozilgan boʻlsa, unda qolar ekan», deya xulosa qiladi.
«Birinchi eshitganimdayoq sehrlanib qoldim»
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik «Shaytanat» asari asosida ishlangan badiiy film haqida soʻz yuritganida, undagi qoʻshiqlarni alohida tilga olib, «Bu masalada Shukur Qurbonga ham murojaat etib, Elchinning toʻyda aytadigan qoʻshigʻini Abdulhamid Choʻlpon uslubida yozib berishni iltimos qilgan edim, bu ham koʻnglimdagiday boʻldi. Bilishimcha, xonanda Azim Mullaxonovga ham maʼqul kelib, qoʻshiq bir kechada yaralibdi. Men birinchi eshitganimdayoq sehrlanib qoldim. Zaynabning toʻyi sahnasi «Tabassum» qahvaxonasida olindi. Suratga olish paytida qoʻshiq bir necha bor yangradi. Bir mahal qarasam, qahvaxona xodimlari yigʻlab oʻtirishibdi. Bu qoʻshiq xalq orasida tez tarqaldi, hatto toʻylarda ham aytiladigan boʻldiki, buni shoir va xonandaning katta yutugʻi deb hisoblayman», deya oʻz mulohazalarini ifoda etgan edi.
Haqiqatan ham, mazmun-mohiyati toʻq sheʼr, hayot ungan ohang, dilbar ijro doim barhayot. Shu bois «Shaytanat» qoʻshigʻi ham doim yodimizda.
Shukur Qurbon
SHAYTANAT
Hayot – gulzor, deya, kezdim, tikonlari chiqdi yoʻldan,
Na-da tikonlari, turfa ilonlari chiqdi yoʻldan.
Tilindi qalb, shilindi til, baloi nafs boʻldi gʻolib,
Qimorga boy berildi or, pushmonlari chiqdi yoʻldan.
Koʻngil berdim yora nogoh, axtarib men tasallolar,
Zaharxanda qildi agʻyor, yomonlari chiqdi yoʻldan.
Zamon Haqqa tegishli, deb necha fursat qildim sabr,
Chektirib oh, necha sohibzamonlari chiqdi yoʻldan.
Bu bir qismat, dedim, balki peshonamga yozilgani,
Xudo urgan Shaytanatning shaytonlari chiqdi yoʻldan.
Bormi biror xayrixohim va yo hamdard? Muhabbatning
Tohir Malik, Shukurdayin qurbonlari chiqdi yoʻldan.
1999-yil.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA
tayyorladi.
