Namangandan Toshkentga boradigan katta yoʻlning yonginasida Qamchiq dovoniga yetmay Fargʻona vodiysining eng goʻzal goʻshalaridan biri Chodak qishlogʻi boshlanadi. Sersuv, toza havo va toshqin suv keltiruvchi betakror soy yoqasida joylashgan qishloq atrofi esa togʻlar bilan oʻralgan.
Tarixi yaqin 4,5 ming yilga borib taqaladigan Chodak oʻzining betakror tabiati, qiru togʻlari va soyu jilgʻalari bilan azaldan minglab sayyohlar uchun sevimli maskandir.
Chodakda zardoʻshtiylik va islom dini bilan bogʻliq joylar koʻp. Qadimiy Chodak masjidi va Ismoil Atoyi maqbarasi, Chirchir momo ziyoratgohi, Bobo Yusufi Hamadoniy qadamjosi, Shayx Sulaymon Mahjur maqbarasi, Podsho Xoʻja mozori, Mugʻxona, «Kelinchak tosh» obidalari ham aynan shu manzilda.
Bu makonga Balogardon Hazrati Bahouddin Naqshbandning avlodlari koʻchib kelishi natijasida oʻn toʻrt, oʻn beshinchi asrlarda bu makonning siyosiy mavqei oshib ketgan. Naqshband avlodlari Chodak xoʻjalari asosini tashkil etganlar. Oʻn yettinchi asrda Tepaqoʻrgʻon minglari Chodak xoʻjalarining Buxoro joʻyboriya shayxlariga boʻlgan kuchli taʼsirlaridan foydalanib, birgalikda mustaqil xonlik tashkil etganlar. Qoʻqon xonligiga shunday asos solingan. Uning dastlab poytaxti Popning Tepaqoʻrgʻonida boʻlgan.
Chodak bugungi kunda sayyohlar eng koʻp keladigan maskanga aylanayotganining sabablaridan biri bu yerda togʻ ustiga qurilgan qalinligi 10 sm.lik shishadan yasalgan 500 kg.gacha ogʻirlikni bemalol koʻtaradigan osma koʻprikdir.
Koʻprik kuchli shamol va yomgʻirga dosh beradi. Ayniqsa, yoz jaziramasida muzdek havodan bahramand boʻlish uchun bu yerga koʻplab dam oluvchilar tashrif buyuradilar.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA tayyorladi.
Suratlar muallifi: Shohrux KENJAYEV.
