1930 yil 17 avgust kuni Oʻzssr Markaziy ijroiya qoʻmitasining qarori bilan Oʻzbekiston poytaxti Samarqand shahridan Toshkentga koʻchirilgan edi.
Oʻtgan 93 yil davomida Toshkentda keng koʻlamli islohotlar roʻy berib, ular meʼmoriy-infratuzilmaviy oʻzgarishlar bilan cheklanib qolmadi.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, poytaxt maydoni qariyb 2 barobardan ziyodga ortib, 44 ming gektarga, aholisi esa 350 ming kishidan 3 millionga yetdi.
Bugungi kunda Toshkent nafaqat mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi, poytaxti, balki Markaziy Osiyodagi eng yuqori surʼatlarda rivojlanib borayotgan yirik shahardir. Shu yillar davomida poytaxtimiz tinchlik shahri, doʻstlik shahri, non shahri, Islom madaniyati poytaxti degan yuksak eʼtiroflarga erishdi.
Ayni paytda Toshkentda 212 ta yirik sanoat korxonalari, 8 ming 150 ta qoʻshma korxonalar, 11 ming 242 ta kichik sanoat korxonalari hamda 82 ming 951 ta kichik biznes subʼektlari faoliyat yuritmoqda. Poytaxtimiz sanoatining respublikadagi ulushi 54,7 foiz, xizmatlar sohasidagi ulushi esa 40,3 foizni tashkil etmoqda. Bugungacha oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiya va kredit mablagʻlari 385,4 million dollar boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya 270,5 million dollarni tashkil etmoqda.
2030 yilga qadar poytaxtni rivojlantirish borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi natijasida yalpi hududiy mahsulotni hozirgi 178,9 trillion soʻmdan 500 trillion soʻmga yetkazish, tovar va xizmatlar eksportini 4000 million AQSH dollaridan 7 500 million AQSH dollargacha oshirish, barcha sohalarni hamda shahar infratuzilmasini tubdan yangilash va rivojlantirish orqali aholi turmush sifati hamda farovonligini bir necha barobarga yuksaltirish koʻzda tutilgan.
