Assalom, Yangi yil, bayramlar boshi!
Qarshimda nigohing tikib turasan.
Qorlaring osmonning quvonch koʻz yoshi,
Intizor dillarga orom berasan.
Archa atrofida jamuljam boʻlib,
Diydor koʻrishadi doʻstu qarindosh.
Oʻtkan har bir kunni sarhisob qilib,
Bir-birin koʻnglini koʻtarar dildosh.
Bayramning koʻrkidir toʻkin dasturxon,
Kishiga zavq berar qish tarovati.
Qoʻl ochib kutadi jumlai jahon,
Bu bizga tinchlikning yurt sharofati.
Samo rizq ulashib, oq zar elasin,
Tabiat bazmidan xushnud boʻlgin, dil.
Ona beshigiga farzand belasin,
Baxt va omad olib kelgin, Yangi yil!
Zuhra Begim Eshonqulova
