2008 yil 15 oktyabrdan buyon “Butunjahon qoʻl yuvish kuni” (Global Handwasing Day) nishonlanadi. Har yili ushbu tadbir BMT Bosh Assambleyasi YUNISEF Bolalar jamgʻarmasi va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan tashkil qilinadi.

Bu kun odamlarni qoʻl yuvishning sogʻliqqa taʼsiri haqida xabardorligini oshirishga bagʻishlangan. Butunjahon toza qoʻllar kuni shaxsiy gigiyena asoslariga xizmat qilishi maqsad qilingan. 

 Odam kaft bilan yuzini yopib aksiradi yoki yoʻtaladi, keyin qoʻli bilan eshik tutqichidan yoki mashinaning dastagidan ushlaydi, siz ham xuddi shu tutqichdan ushlaysiz. Barcha viruslar va bakteriyalar sizning qoʻlingizda qoladi. Bu holat qoʻrqinchli emas. Muammo shundaki, biz ongsiz ravishda qoʻllarimiz bilan yuzimizga tegamiz. Tadqiqot natijalariga koʻra, ushbu holat soatiga oʻrtacha 23 marta, yaʼni kuniga yuzlab marta kuzatiladi. 

 Antiseptiklar, roʻmolcha, gel va boshqa alkogolli dezinfektsiyalovchi vositalar foydali boʻlishi mumkin, lekin hech narsa oddiy sovunga yetmaydi. Sovun va suv kombinatsiyasi yuqumli kasalliklarga, shu jumladan, koronavirusga qarshi eng kuchli qurollardan biri boʻlib qolmoqda. Shu bois, JSST qoʻl yuvish imkoni boʻlmasa, antiseptikni faqat sovunga muqobil sifatida qoʻllashni tavsiya qiladi. 

 Eslatib oʻtamiz, qoʻllarni toʻgʻri yuvish zarur, yaʼni ularni kamida 20 soniya davomida yaxshilab yuvish maqsadga muvofiq boʻladi. Kaftning tashqi tomoniga, shuningdek, barmoqlar orasidagi teriga eʼtibor berish soʻraladi. Bu diareya bilan kasallanishni 40 foizdan ortiq va nafas yoʻllari infektsiyasini 25 foizga kamaytiradi. 

 

B.Xudoyberdiyev, Oʻza