Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) – Yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlarning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot.
1945-yilda tuzilgan BMTni barpo etish haqidagi qaror sobiq ittifoq, AQSh, Angliya va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi kengashida 1943-yilda, Ustavi esa San-Fransisko konferensiyasida 1945-yilda qabul qilingan. BMT Ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan. 2000-yilda esa ularning soni 189 taga yetdi. BMTning doimiy ish oʻrni (shtab kvartirasi) — Nyu-York shahri.
BMT nizomida koʻrsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli boʻlishi va oʻz taqdirini oʻzi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar oʻrtasida doʻstlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar oʻrtasida hamkorlik boʻlishini taʼminlashni koʻzda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uygʻunlashtirib turadigan markaz hisoblanadi.
Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini eʼlon qilganidan keyin koʻp oʻtmay 1992-yil 2-martda BMTga aʼzo boʻldi. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi koʻtarildi. 1993-yili 24-oktabr kuni BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi, shu bilan birgalikda, BMTda Oʻzbekiston Respublikasi vakolatxonasi ish boshladi.
