Muzeylar ajdodlarimizdan bizga meros boʻlgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazina boʻlib, ajdodlar va avlodlar oʻrtasida koʻprik vazifasini bajarib kelmoqda. Shu bilan birga, muzeylar mamlakatning madaniy qiyofasini kashf etishda hamda xalqimizning oʻzligini namoyon qilishda ham muhim ahamiyatga ega.

Oʻz navbatida, muzeylar ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan madaniy merosimizni kelajak avlodlarga yetkazish, mardlik, halollik, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarimizni nomoddiy madaniy merosga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

1977 yildan buyon anʼanaviy tarzda 18 may kuni “Xalqaro muzeylar kuni” sifatida keng nishonlab kelinadi. Afsuski, ayni paytda dunyoda hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi sabab Xalqaro muzeylar kunini jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirokida ommaviy tarzda keng nishonlashning imkoni yoʻq. Shunday boʻlsa-da, soha mutaxassislari ushbu kun munosabati bilan Zoom ilovasida seminar-treninglar oʻtkazib, «Virtual muzey» loyihasini tavsiya qilyapti.

18 mayda Xalqaro muzeylar kuniga bagʻishlab Oʻzbekistondagi barcha muzeylarda qator tadbirlar tashkil etilmoqda. «Ochiq eshiklar» kuni tadbirlarida barcha muzeylar keng aholiga bepul xizmat koʻrsatadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham barcha yurtdoshlarimiz va mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlarni muzeyga taklif etadi. 

Eslatib oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 11 iyuldagi “Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 189-sonli Qaroriga koʻra, haftaning har seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha boʻlgan bolalar va ularga hamrohlik qiluvchi ota-onalar (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib koʻrish uchun davlat muzeylariga bepul kiritiladi.

Adolat FAYZIEVA.